O‘tgan yili Germaniya fuqaroligini olgan migrantlar soni navbatdagi rekordni o‘rnatdi. Nemis hukumatining ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda 291,9 mingdan ortiq odam fuqarolik olgan — bu undan oldingi yilga nisbatan 46 foizga ko‘p.
Qayd etilishicha, bunday o‘sish Suriyadan kelganlar bilan bog‘liq. Ular 2015 va 2016 yillarda qochoq sifatida kelgan va o‘tgan yili fuqarolik olish huquqini qo‘lga kiritgan. Shu bilan birga, Germaniya pasportini olgan rossiyaliklar soni 6 baravarga oshgan. Fuqarolik olish bo‘yicha foizlardagi o‘sishlar aynan rossiyaliklar hisobiga to‘g‘ri kelgan: 2024 yilda ularning soni 12 980 kishini tashkil etgan — undan oldingi yili 1995 nafar edi. Shuningdek, Turkiya, Iroq va AFg‘oniston fuqarolari orasida ham Germaniya pasportini olganlar soni oshgan.
Ta’kidlanishicha, bunday o‘sishga sobiq kansler Olaf Shols rahbarligidagi Germaniya hukumati fuqarolik to‘g‘risidagi qonunni yengillashtirgani sabab bo‘lgan. Yangi qoidalarga ko‘ra, Germaniya hududida sakkiz emas, besh yil yashaganlar ham fuqarolik uchun ariza bera oladi. Yuqori darajada integratsiyalashgan ariza beruvchilarga esa fuqarolikni berish muddati uch yilgacha qisqartirilishi mumkin.
O‘tgan oyda hokimiyat tepasiga kelgan kansler Fridrix Mers boshchiligidagi hukmron koalitsiya tezlashtirilgan tartibda fuqarolikni berish yo‘llarini bekor qilmoqchi. Ichki ishlar vaziri Aleksandr Dobrindt ushbu qarorni «migratsiya jarayonini tartibga olish» usuli deb atagan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61219 | Инструменты