Beshta yadroviy davlat — AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiya va Xitoy vakillari Dubayda uchrashdi. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Uchrashuv 4-dekabr kuni Xitoy raisligida ekspertlar darajasida o‘tkazildi, unda yadro doktrinasi muhokama qilindi. Pekin ma’lumotlariga ko‘ra, munozara “ochiq” bo‘lib o‘tdi.
Bir-birining yadro doktrinalarini yaxshiroq tushunish va anglashilmovchiliklar hamda xato hisob-kitoblarning oldini olish maqsadida bunday munozara o‘z vaqtida o‘tkazilishiga qaror qilindi, deyiladi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.
Avgustdan boshlab “yadro beshligiga” raislik Rossiyadan Xitoyga o‘tdi. O‘tgan safar davlatlar 10-oktyabr kuni Nyu-Yorkda uchrashgandi.
2023-yilning iyun oyida esa AQSH tomonidan Qohirada yadroviy davlatlarning harbiy va diplomatik ekspertlari darajasida uchrashuv tashkil etilgandi. Unda Rossiya ham ishtirok etgandi.
So‘nggi bir yil ichida barcha to‘qqizta yadroviy davlat — beshta rasmiy (Buyuk Britaniya, Xitoy, Rossiya, AQSH, Fransiya) va to‘rtta norasmiy (Isroil, Hindiston, KXDR, Pokiston) — yangi yadroviy qurollarni ishga tushirdi.
Dunyodagi umumiy yadro zaxirasi 12 121 ta yadroviy kallakni tashkil etadi, ulardan 9585 tasi 2024-yil yanvar oyida zaxirada saqlangan. 3904 ta jangovar kallakni raketa va samolyotlarga o‘rnatish mumkin bo‘lgan. Bu 2023-yil yanvariga nisbatan 60 taga ko‘p; ulardan 2,1 mingtasi yuqori jangovar shaylik holatida turardi.
Rossiya yadroviy doktrinasini yangiladi
Noyabr oyida prezident Vladimir Putin yangilangan yadroviy doktrinani tasdiqladi. Bunga AQSH Kiyevga Rossiya ichkarisiga zarba berish uchun ATACMS uzoq masofali raketalaridan foydalanishga ruxsat bergani turtki bo‘ldi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12000 | Инструменты