Huawei 1
Zelenskiy O‘zbekistonda tug‘ilgan siyosatchini Turkiyaga elchi qilib tayinladi

Nariman Jalil Ukrainaning Turkiya Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlandi. Bu haqda mamlakat prezidenti Vladimir Zelenskiy tomonidan imzolangan farmonda so‘z boradi.

“Nariman Enverovich Jalilov Ukraina Respublikasining Turkiya Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi lavozimiga tayinlansin”, deyiladi farmonda.

Nariman Jalil qrim-tatar siyosatchisi, jurnalist va inson huquqlari faoli hisoblanadi. U 1980-yilning 27-aprel kuni O‘zbekistonda, aniqrog‘i, Navoiy shahrida tug‘ilgan. 1989-yilda oilasi bilan birga vatani Qrimga qaytgan.

Shundan so‘ng u Odessa Milliy universitetining Siyosatshunoslik fakultetini tamomlagan. Karyerasini “Avdet” gazetasida jurnalist sifatida boshlab, keyinchalik ATR telekanalida ham faoliyat ko‘rsatgan. Bundan tashqari, Simferopoldagi xalqaro maktabda tarix va huquq fanlaridan dars bergan.

Nariman Jalil siyosatga ilk qadamni 2013-yili tashladi. O‘shanda u qrim-tatar xalqining vakillik organi — Mejlis raisining birinchi o‘rinbosari lavozimini egallagan.

2014-yili Qrim Rossiya tomonidan bosib olingach, Jalil yarimoroldan ketmaslikka qaror qildi. Qrim tatarlari va mahalliy ukrainaliklarning huquqlarini himoya qilish bilan faol shug‘ullandi. Bu jarayonda u inson huquqlari buzilishi holatlarini hujjatlashtirib, ortida siyosiy motiv turgan sud jarayonlarida qatnashdi.

Biroq 2021-yil Qrim platformasi sammitida ishtirok etganidan so‘ng, Rossiya xavfsizlik kuchlari tomonidan “diversiya”da ayblanib hibsga olindi. Oradan bir yil o‘tib mahkama uni  17 yillik qat’iy tartibli koloniyaga hukm qildi.

Qrim-tatar farzandi 2024-yil iyun oyida bo‘lib o‘tgan mahbuslar almashinuvidan so‘ng Ukrainaga qaytarildi. Uning elchi sifatida Anqaraga yuborilishi Turkiyaning Kiyev uchun naqadar muhim o‘yinchi ekanini ko‘rsatadi. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51602 | Инструменты