Huawei 2
"Yuksalish" umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov energetika sohasida moliyaviy ochiqlikni ta’minlashga chaqirdi

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minoti iste’molining bazaviy me'yorlari tasdiqlandi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov “tabaqalashtirilgan tariflar” sabab boylar o‘z xarajatlari uchun davlat byudjetidan dotatsiya olmasligi kerakligi haqida yozdi

"Ta'kidlash kerak, O‘zbekistonda elektr energiyasi iste'moliga to'lovlar uning tannarxiga mos kelmaydi, oradagi tafovut davlat byudjetidan subsidiyalar hisobiga qoplanadi. Bunday yondashuv fuqarolarning moddiy imkoniyatidan qat’i nazar, butun aholi uchun qo‘llaniladi.

Energiya resurslarining jiddiy tanqisligi sharoitida moddiy ta'minlangan fuqarolar xarajatlari uchun davlat byudjetidan dotatsiya olmasligi kerak, deb hisoblaymiz", - deydi u. 

Energetika vazirligi hisob-kitoblariga ko‘ra, hozir aholining 15 foizi oyiga 300 kW•soatdan ortiq elektr energiyasini iste’mol qiladi. 75 foiz aholining iste’moli esa 200 kW•soatdan oshmaydi.

Albatta, O‘zbekistonning energetika tarmog‘i tub islohotlarga muhtoj, shu munosabat bilan tariflarni o‘zgartirish va bozor mexanizmlarini joriy etish zarur.

Islohotlar bilan birga, biz mas’ul vazirlik va idoralarni quyidagilarni inobatga olishga chaqiramiz:

- Qaror ijrosi doirasida markaziy isitish tizimi va tabiiy gazdan foydalanish imkoni yo'q hududlardagi sharoitlarni hamda asosiy issiqlik manbalari pechka va konditsionerlar ekanligini hisobga olish zarur;

- Energetika vazirligi yuqori kuchlanish bo'lganda maishiy texnikalariga zarar yetgan iste’molchilarga kompensatsiya to'lash mexanizmlarini ishlab chiqishi zarur;

- Hukumat davlat byudjetidan energiya tarmog‘ini modernizatsiya qilishga ajratilgan mablag‘larning ochiqligi va shaffofligini ta’minlashi kerak;

- Xorijiy tajribani o'rganish ham muhim. Masalan, differensiyalangan tariflar qo'llaniladigan mamlakatlarda elektr energiyasiga talab yuqori bo‘lgan paytlarda (anomal havo sharoitlarida) tarif normalari sezilarli darajada oshiriladi. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga