Toshkentdan va unga yo‘nalgan barcha barcha charter reyslar “Toshkent-Sharqiy” aeroportiga ko‘chiriladi. Bu haqda Uzbekistan Airways boshqaruvi raisi Shuhrat Xudoyqulov ma’lum qildi.
“Bu aeroport — respublikamizda shu turdagi birinchi aeroport, desam to‘g‘ri bo‘ladi. Aeroport ICAO III-A toifasiga kiradi. Bu degani, aeroport 24 soat, 365 kun xizmat qiladi”, — dedi u.
Uning ta’kidlashicha, Toshkent xalqaro aeroportida hozirda 10 dan ortiq charter reyslar amalga oshirilmoqda, ushbu charter reyslarning barchasi keyinchalik aynan ushbu aeroportga ko‘chiriladi.
Yangi aeroport Toshkent shahri va O‘zbekistonning investitsion jozibadorligini oshirish, tadbirkorlarni jalb qilishda muhim rol o‘ynashi ta’kidlandi. Xudoyqulovning so‘zlariga ko‘ra, Prezident ham bu infratuzilmaning biznes aviatsiyaga xizmat qilishi jihatiga alohida urg‘u bergan.
Biznes terminal soatiga 100 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega. “Bu aeroport — birinchi biznes aviatsiya. Prezident shu jihatga ham alohida ahamiyat berishni ta’kidladi”, — dedi Xudoyqulov.
Shuningdek, uning aytishicha, noqulay ob-havo sharoitida ham, masalan, tumanli kunlarda, samolyotlarni boshqa zaxira aeroportlarga yo‘naltirilishiga ehtiyoj qolmaydi. “Bu aeroport shunday paytlar ham har qanday reysni qabul qila oladi”, — deya qayd etdi Xudoyqulov.
Ma’lum qilinishicha, yangi aeroport perronida bir vaqtning o‘zida 23 ta katta hajmdagi Boeing 747 rusumidagi samolyotlarni joylashtirish mumkin. Xudoyqulov aeroport yaqinda foydalanishga topshirilishini aytdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 62002 | Инструменты