Huawei 2
Toshkent toza ichimlik suvi bilan ta'minlandi

2-oktabr kuni “O'zsuvta'minot” AJ va “Toshkent shahar suv ta'minoti” MCHJ tomonidan OAV va blogerlar uchun press-tur tashkil qilinib, tadbir davomida ishtirokchilar Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan “Qodiriya” gidrotarmog'ining ishi bilan tanishdilar.

Mazkur gidrotarmoq Toshkentning toza suvga bo'lgan ehtiyojini deyarli to'liq qondiradi. Faqat Bektemir tumani suvni yer osti quduqlaridan iste'mol qiladi. Toshkentga har sutkada o'rtacha 1 mln. 800 ming m3 ichimlik suvi yetkazilib, qishda ushbu ko'rsatkich 1 600 ming m3gacha tushadi, yozda esa 2000 ming m3 va undan ortiqni tashkil qiladi.

“Qodiriya” gidrotarmog'i 1969 yilda qurilgan bo'lib, dastlab sutkasiga 250 000 m3 suvga ishlov berish quvvatiga ega bo'lgan. Keyinchalik rekonstruksiya natijasida ob'ekt quvvati bir necha barobarga oshgan.

Suvni tozalash jarayoni uning rangini tiniqlashtirishdan boshlanadi. Bo'zsuv suvlari ikkita katta suv havzasiga tushadi va ularda uning loyqalik darajasi 8-10 mg/dm3gacha pasayadi. Bu suyuq achchiqtosh yordamida amalga oshirilib, u loy va tortilgan zarrachalarni bog'lab, pastga tushiradi. Pastga tushgan cho'kindilar suzuvchi nasosli moslama orqali tortib olinadi va kanalga suv tushirish quvurlari yordamida tushiriladi. Tiniqlashtirishdan keyin, mikroorganizmlar filtrlarni ifloslamasligi uchun suvning birlamchi xlorlanishi amalga oshiriladi va ikkita katta quvvatli nasos stansiyalari suvni filtrlashga uzatadi. Filtrlashga mo'ljallangan ikki binoning har biri uchta bo'limdan iborat bo'lib, ularda umumiy 6 710 m2 maydonga ega 48 ta filtr ishlaydi. Filtrlar ikkita – ushlab qoluvchi va filtrlovchi qatlamlardan iborat bo'lib, sutkasiga bir marotaba yuviladi. Yuvish suvi oqava tizimiga to'kiladi, filtrlangan, toza suv esa katta diametrli suv tarmoqlari orqali chuchuk suv rezervuarlariga uzatiladi. Bundan so'ng ikkilamchi xlorlash ishlari amalga oshirilib, suv tozalashning texnologik jarayoniga yakun yasaydi. Bundan so'ng tayyor toza suv 1 400 dan 2 000 mm gacha diametrdagi quvurlar orqali shahar suv ta'minoti tizimiga uzatiladi.

Har bir bosqichda suv sifati kimyo-bakteriologiya laboratoriyasi xodimlari tomonidan 40 ta ko'rsatkich bo'yicha nazorat qilinadi. Masalan, tarkibdagi kislorod, metallar va ularning tuzlari miqdori, suvning shaffofligi va xidi. Tarkibdagi qo'shimchalar miqdori OˈzDst 951-2011 bilan belgilangan bo'lib, talablar qat'iy bajariladi. Shuning uchun Toshkentdagi ichimlik suvini haqiqatan ham toza desak mubolag'a bo'lmaydi.

“Qodiriya” gidrotarmog'i Toshkentdan yuqorida joylashgan, shuning uchun suvni shaharga yetkazish uchun nasoslar zarur emas, suv o'zi oqib keladi – sathlar o'zgarishi shahar markazi bilan taqqoslaganda 50 metrga, Sergeli tumani bilan taqqoslaganda esa 70 metrga yaqin.
Shuningdek, gidrotarmoq bilan birgalikda sanitariya-ekologiya xizmati faoliyat yuritib, Bo'zsuv oqimi bo'ylab sohillarni axlat va zararli chiqindilar mavjud yoki yo'qligini nazorat qilib boradi. Suvni ifloslash manbalari yopiq yoki sohillardan uzoqlashtirilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga