Huawei 1
Toshkent shahri atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbalar bartaraf etilmoqda

Joriy yilning dastlabki 8 oyi davomida Toshkent shahri atmosfera havosini yaxshilash maqsadida bir qator ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8-fevraldagi 59-F-son farmoyishiga asosan, Toshkent shahrida 12 ta hududiy ishchi guruh tashkil etildi. Sanoat korxonalari, ijtimoiy soha obyektlari va issiqxona xo‘jaliklaridan atmosferaga tashlamalarni kamaytirish maqsadida tuzilgan ishchi guruhlarga vazirlik va idoralardan jami 150 nafardan ortiq mutaxassislar jalb qilindi.

Ishchi guruh tomonidan sanoat korxonalari, issiqxonalar va atmosferaga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan boshqa obyektlar faoliyati doimiy o‘rganib borilmoqda. Xususan, 2025-yilning yanvar — avgust oylarida 1452 obyekt xatlov qilindi, 174 ta tungi reyd tadbiri o‘tkazilib, 281 ta qonun buzilish holati aniqlandi. 154 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 20 ta obyekt faoliyatini vaqtincha to‘xtatish haqida sudga ariza kiritildi, 179 ta qonun buzilish holati bartaraf etildi. Shuningdek, 11 ta zamonaviy qozon, 19 ta filtr va 12 ta chang tozalash uskunalari o‘rnatildi.

Davlat rahbarining 2023-yil 31-maydagi 81-sonli Farmoniga muvofiq, har bir yirik sanoat korxonasi hududi va qo‘shni hududlarda “Yashil belbog‘”lar barpo etilmoqda. Shu maqsadda 2025-yilda yirik qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi va boshqa 1–2-toifaga mansub 60 ta korxona tomonidan 200 ming tup daraxt va buta ko‘chatlari ekilishi rejalashtirildi. Bahorgi mavsumda 79 490 tup ko‘chat ekildi. 

Bundan tashqari, yar yili ikki bosqichda o‘tkaziladigan “Toza havo” oyligining birinchi bosqichida (10-aprel – 10-may) Toshkentda 40 050 ta avtotransport vositasi tekshirildi. Ularning 586 tasida atmosfera havosiga tashlanayotgan zararli gazlar miqdori me’yordan ortiqligi aniqlanib, belgilangan tartibda kamchiliklar bartaraf etildi. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida atmosferaga 4,7 ming tonna zararli tashlamalar chiqarilishining oldi olindi. Bugun esa Toshkentda "Toza havo" oyligining ikkinchi bosqichi boshlandi (10-sentabr – 10-oktabr).

Toshkent shahri atmosfera havosi sifatini yaxshilash, zararli omillarni bartaraf etish borasidagi chora-tadbirlar davom ettirilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91122 | Инструменты