Huawei 1
Tbilisi-Toshkent yo‘nalishidagi samolyot uchish aeroportiga favqulodda qaytib qo‘ndi

19 iyun kuni X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida Tbilisi-Toshkent yo‘nalishida uchishi kerak bo‘lgan yo‘lovchilardan biri parvoz bilan bog‘liq muammo haqida yozib, post joyladi. Uning aytishicha, samolyot yarim soat aeroport ustida aylanib, reysini amalga oshira olmagan.

Samolyot aeroportdan ko‘tarilganda qattiq shovqin chiqdi. Aeroport ustida 30 daqiqa aylanib, yana qayta qo‘ndik. Passajirlar qanot qismida yong‘in ham ko‘rishibdi. Bizga Toshkentdan boshqa samolyot jo‘natishar ekan”, – degan u.

“Uzbekistan Airports” AJning ma’lum qilishicha, ayni reys Centrum Air aviakompaniyasiga tegishli bo‘lgan. Tahririyat muxbiri bu haqda ma’lumot olish uchun aviakompaniya marketing bo‘limi bilan bog‘landi. Bo‘lim vakillari haqiqatan texnik nosozlik kuzatilganini, ammo samolyot qanotida yong‘in bo‘lmaganini ta’kidlashdi.

Tbilisi – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan C6222 reysi texnik nosozlik haqida tizim signalini olganidan so‘ng jo‘nagan aeroportiga qaytdi. Qo‘nish odatdagi tartibda amalga oshirildi. Hozirda havo kemasi texnik diagnostikadan o‘tkazilmoqda.

Yo‘lovchilarni Toshkentga yetkazish uchun zaxira bort allaqachon yo‘lga chiqarilgan. Centrum Air yetkazilgan noqulayliklar uchun uzr so‘raydi va kechikishlarni kamaytirish hamda parvozlarni imkon qadar qulay tashkil etish uchun barcha zarur choralarni ko‘rmoqda”, – deyiladi aviakompaniya Telegram sahifasiga joylangan izohda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, C6222 Tbilisi – Toshkent reysi O‘zbekiston vaqti bilan tungi 3:00 da parvoz qilib, ertalab 7:00 da poytaxtga qo‘ngan. Hozircha texnik diagnostika natijalari ma’lum emas. Kompaniya vakili bu haqdagi ma’lumot oshkor qilinmasligi mumkinligini aytdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 62021 | Инструменты