SSV «koronavirusga qarshi vaksina olganlar hayoti xavf ostidaligi» haqidagi xabarga munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda koronavirusga qarshi vaksina olgan insonlar hayoti xavf ostida ekani, xususan, ular saratonga chalinishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov bunday xabarlar mutlaqo asossiz ekanini maʼlum qildi.

«Avvalo, ushbu xabarlar mutlaqo asossiz ekanligini alohida taʼkidlash kerak. Maʼlumotlarga ko‘ra, pandemiya boshlangandan to hozirgacha dunyo bo‘yicha 710 million kishi bu kasallikka chalingan, 7 milliondan ko‘prog‘i hayotdan ko‘z yumdi. Agar vaksina topilmagan va emlash tadbirlari uyushqoqlik bilan o‘tkazilmaganda, bu raqamlar bir necha barobar yuqori bo‘lishi mumkin edi. Buni vaksina kashf etilgunga qadar o‘tgan bir yil davomida o‘lim ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgani ham yaqqol tasdiqlaydi.

Mutaxassis sifatida shuni aytmoqchimanki, qo‘llangan vaksinalar genomga salbiy taʼsir qilmaydi, bu o‘z isbotini topgan. To‘g‘ri, vaksinani qabul qilgan ayrim odamlarda turli salbiy holatlar, masalan, nafas olish qiyinlashuvi, tana harorati oshishi va yurakning tez urishi kabi belgilar kuzatilgan. Ammo bu vaqtinchalik bo‘lib, emlangandan so‘ng 2-3 kun o‘tgach, barchasi ortda qolgan.

Videoda onkologik kasalliklar xavfi ham vaksinaga bog‘liqligi va emlashdan keyin tanada paydo bo‘lgan salbiy holat(qabul qilingan vaksina)dan qutulish uchun esa karabash va arslonpanjasi giyohlaridan foydalanish tavsiya etilganki, bu har bir mutaxassisni taajjubga solishi, shubhasiz.

Bu sohadan umuman yiroq bo‘lgan odamning fikridan boshqa narsa emas. Karabash shamollash, nafas yo‘llari yallig‘lanishida, arslonpanjasi esa ayollarda gormonal holatni moʻtadil ushlab turish maqsadida qaynatma sifatida ishlatib kelingan. Shundan kelib chiqilsa, ushbu ikki giyoh vaksinadan keyin paydo bo‘lgan immunitetga taʼsir ko‘rsatish va yo‘q qilish xususiyatiga ega emas», degan rasmiy.

Pandemiya davrida bir qator vaksinalar qo‘llanib, epidemik vaziyat yumshatilgani, dunyo bo‘ylab millionlab insonlar hayoti saqlab qolingani taʼkidlangan.

Bu kabi xabarni tarqatish hamda bunday maʼlumotlarga ishonishdan oldin mutaxassis bilan maslahatlashish so‘ralgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 21018 | Инструменты