Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida bir otar qo‘y jarlikka qulab nobud bo‘ldi. Tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi rahbari Shamsher Umedovga ko‘ra, holat 25 may kuni sodir bo‘lgan.
“Bu kabi holatlar oldin ham kuzatilgan. Qo‘y shunday jonzotki, biri jarlikka o‘zini tashlasa, boshqalari ham unga ergashib ketaveradi. Nobud bo‘lgan qo‘ylar soni 300 bosh. Xodimlarimiz, tuman “SES” vakillari borib, sanog‘ini olishgan. Qo‘ylarda biror kasallik bo‘lmagan”, deydi Shamsher Umedov.
Jarlikdan qulagan qo‘ylar shu joyning o‘zida maxsus dori bilan 2 marta dorilangan. Sababi ularni jarlikdan olib chiqishning ham, yoqib yuborish yoki ko‘mishning ham imkoni bo‘lmagan.
“Hudud aholi yashash maskanlaridan uzoqda. Shu sababli qo‘ylar jarlikning o‘zida dorilab, zararsizlantirildi. Chunki ularni jarlikdan olib chiqib bo‘lmasdi. Dori nobud bo‘lgan qo‘ylarni 1 oyda chiritib, yo‘q qilib yuboradi, hech qanday kasallik yoki infeksiya tarqalmaydi”, deydi Shamsher Umedov.
Holat yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarda profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va mahalla yettiligi qo‘ylarni qishloq yo‘lidan o‘tkazishga ruxsat bermagani, shu sababli cho‘pon ularni dara yo‘lidan olib o‘tishga majbur bo‘lgani aytilgan. Shamsher Umedov bundan xabari yo‘qligini, holatni tegishli organlar xodimlari o‘rganayotganini bildirdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 53000 | Инструменты