Huawei 1
S&P: O‘zbekistonning likvid zaxiralari joriy yilda eng yuqori cho‘qqisiga chiqib, keyin kamayib boradi

S&P xalqaro kredit reyting agentligi O‘zbekistonning suveren kredit reytingini “BB-“ darajasida tasdiqladi va ilk bor kutilmani “barqaror”dan “ijobiy”ga oshirdi.

Agentlik 23 may kuni e’lon qilgan hisobotida quyidagilarga alohida e’tibor qaratgan:

  • Energetika xavfsizligi, subsidiyalar fonidagi yuqori fiskal xarajatlar va gaz importining oshishiga javoban hukumat 2023 yilning oktyabridan elektr va gaz tariflarini oshirishni boshladi. 2027 yilgacha energiya narxlari to‘liq xarajatlarni qoplash darajasiga yetkazilishi rejalashtirilgan. Subsidiyalarning qisqarishi, qulay oltin narxlari va nominal YaIMning o‘sishi budjet taqchilligini 2025–2028 yillarda o‘rtacha 3 foizgacha kamaytirishga yordam beradi (2023 yilda 4,9 foiz, 2024 yilda 3,3 foiz bo‘lgan).
  • Hukumat rivojlanish rejalarini moliyalashtirish uchun katta hajmdagi qarz jalb qilyapti. Bu esa umumiy davlat va tashqi qarz darajasining oshishiga olib keldi, biroq o‘sish sur’ati sekinlashishi kutilyapti. Joriy hisob taqchilligi 2024 yilda YaIMning 5 foizini tashkil etdi, 2025–2028 yillarda esa bu ko‘rsatkich o‘rtacha 5,7 foizgacha kengayadi, bu oltin narxlarining pasayishi va davlat investitsiya loyihalariga xizmat qiluvchi importning oshishi bilan bog‘liq.
  • 2025–2028 yillarda iqtisodiy o‘sish o‘rtacha 5,6 foiz bo‘lishi prognoz qilinyapti.
  • Qarorlar qabul qilish markazlashganicha qoladi. Korrupsiyani qabul qilish yaxshilanayotganiga qaramay, hali ham yuqoriligicha qolyapti.

“Elektr va gaz tariflarining bosqichma-bosqich oshirilishi orqali energiya ta’minoti diversifikatsiya qilinyapti. ACWA Power (Saudiya Arabistoni) 2030 yilgacha elektr energiyasi ishlab chiqarishga 7,5 mlrd dollar (YaIMning 7 foizi) sarmoya kiritadi. Hozirda O‘zbekistonda iste’mol qilinayotgan energiyaning 20 foizi yashil manbalardan olinadi, 2030 yilgacha bu ko‘rsatkich 40 foizga yetkazilishi kutilyapti. Shuningdek, eksport salohiyatini oshirish uchun mis, oltin, kumush va uran ishlab chiqarishni kengaytirish rejalashtirilgan”, deyiladi hisobotda.

S&P kutilmalariga ko‘ra, 2025 yilda jon boshiga YaIM 3300 dollarni tashkil etadi. Bu yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlariga qaramay, jahon standartlariga ko‘ra hali ham past ko‘rsatkich hisoblanadi. Mazkur holat O‘zbekistonning suveren reytinglarini cheklab turadi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston aholisining to‘rtdan bir qismi qishloq xo‘jaligida band bo‘lib, ushbu sektor iqtisodiyotning taxminan 18 foizini tashkil etadi. Shu bilan birga, mamlakat ijobiy demografik ko‘rsatkichga ega – aholining deyarli 90 foizi mehnatga layoqatli yoshda yoki undan kichik. Ammo ish o‘rinlari yaratilishi talabga mos ravishda o‘smasligi kutilyapti. O‘zbekistonlik doimiy va mavsumiy muhojirlarning aksariyati Rossiyada ishlaydi. Shu bois, Rossiya iqtisodiyotining zaiflashuvi ushbu muammoni yanada kuchaytirishi mumkin.

2025 yilda oltin narxlari rekord darajada qimmatlashdi, bu esa tegishli soliq tushumlari orqali davlat daromadlarini oshiradi. O‘zbekiston budjet daromadlarining taxminan uchdan bir qismi oltin va mis kabi xomashyo bilan bog‘liq tushumlar hisobiga shakllanadi. Hukumat energiya va gaz tariflarini oshirish 2025 yilda YaIMning 0,5 foizini tejash imkonini beradi, deb hisoblayapti. Boshqa fiskal islohotlarga ijtimoiy xarajatlar va ayrim soliq imtiyozlarining bekor qilinishi kiritilgan.

S&P kutilmalariga ko‘ra, davlat qarzi va davlat tomonidan kafolatlangan qarz 2024 yildagi YaIMning 33 foizidan 2027 yilda YaIMning taxminan 40 foizigacha oshishi mumkin.

“YaIMning 4,6 foizini tashkil etadigan kafolatlanmagan davlat korxonalari qarzlari hukumat balansidagi majburiyatga aylanishi xatari mavjud. So‘nggi yillarda davlat korxonalari tomonidan xorijiy valutada katta miqdorda qarz olindi. Bundan tashqari, davlat-xususiy sheriklik loyihalari tez sur’atda oshib bormoqda va hozirda shartnomalarning umumiy qiymati YaIMning 27 foizini tashkil etadi. Bizning fikrimizcha, ayrim loyihalar kutilganidan ko‘ra muvaffaqiyatsizroq amalga oshsa yoki boshqaruv yo nazoratda muammolar paydo bo‘lsa, ushbu qarzlarni so‘ndirishda qiyinchiliklarga duch kelinishi mumkin”, deyiladi hisobotda.

Hukumatning 2017 yilda YaIMning 33 foizini tashkil etuvchi likvid aktivlari 2024 yilda YaIMning 9,3 foizigacha qisqargan. Mazkur aktivlar asosan Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (TTJ) aktivlarini o‘z ichiga oladi. 2006 yilda tashkil etilgan bu jamg‘arma 2019 yilgacha hukumatning kapital qo‘yilmalari hamda oltin, mis va gaz sotishdan tushgan daromadlarning prognozdan yuqori qismi hisobidan moliyalashtirilgan. S&P hukumatning likvid aktivlari hisobiga faqat TTJning tashqi aktivlarini qo‘shgan. Bu – davlat sektori korxonalari va banklar kapital qo‘yilmalardan iborat aktivlarning ichki qismi yetarli darajada nolikvidligi va zaruriyat tug‘ilganda qarzga xizmat ko‘rsatish uchun foydalanilishi ehtimoldan yiroqligi bilan izohlangan.

“Bizning taxminimizcha, O‘zbekiston Markaziy bankining foydalanishi mumkin bo‘lgan zaxiralari joriy yildagi eng yuqori cho‘qqisidan 2028 yilgacha pasayib boradi, bu qisman oltin narxlarining kutilayotgan tushishi bilan bog‘liq. Markaziy bankning monetar oltin zaxiralari umumiy valuta zaxiralarining taxminan 77 foizini tashkil qiladi, bu oltin narxlari pasayishi holatida konsentratsiya xavfini keltirib chiqaradi. Shunga qaramay, foydalanish mumkin bo‘lgan zaxiralar 2025-2028 yillarda joriy hisob to‘lovlarini taxminan yetti oy davomida qoplash imkonini beradi. Biz Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (TTJ) tashqi aktivlarini Markaziy bank zaxiralaridan chiqarib tashlaymiz, chunki bu aktivlar birinchi navbatda fiskal maqsadlarda saqlanadi, monetar yoki to‘lov balansi ehtiyojlarini qo‘llab-quvvatlash uchun emas. Bunga so‘nggi to‘rt yilda mazkur aktivlarning davlat budjeti uchun ishlatilgani dalil bo‘ladi”, deyiladi hisobotda.

Xalqaro ekspertlar energiya tariflari oshganini hisobga olgan holda, inflatsiya 2025 yildagi o‘rtacha 10,1 foiz bo‘lishini prognoz qilgan. 2028 yilga borib inflatsiya darajasi 8,6 foizga tushishi mumkin.

Bank tizimida ham umumiy aktivlarning 67 foizi davlat banklariga tegishli bo‘lib, hukumatning imtiyozli kreditlash dasturlari bilan birgalikda samaradorlikka ta’sir qiladi. 2023 yilda Ipotekabank xususiylashtirilgach, rasmiylar Asakabank va Sanoatqurilishbankni xususiylashtirishni rejalashtiryapti. S&P buni vaqt talab qiladigan jarayon deb hisoblaydi. Chunki davlat banklari investorlar uchun jozibador bo‘lishi uchun rentabellik va samaradorligini oshirishi kerak.

Dollarlashuv pasaygan bo‘lsa-da, 2024 yilning oxiriga kelib umumiy kreditlarning 41 foizi, depozitlarning 26 foizi hamon dollar hisobiga to‘g‘ri kelgan.

S&P tahlilchilariga ko‘ra, O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 2025 yilda 128 mlrd dollar, 2026 yilda 142 mlrd dollar, 2027 yilda 156 mlrd dollar, 2028 yilda esa 173 mlrd dollarni tashkil etishi mumkin.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 52519 | Инструменты