Rossiya siyosiy xohishlarini ommaga olib chiqadigan propagandachi Vladimir Solovyov Markaziy Osiyo haqida gapirar ekan, Rossiya nafaqat Ukrainada, balki Rossiyaning boshqa «taʼsir zonalari»da ham «maxsus harbiy operatsiya» boshlashi mumkinligini aytdi.
«Biz tushuntirishimiz kerak: O‘yinlar tugadi. Xalqaro huquq va xalqaro tartibga tupurdik. Agar milliy xavfsizligimiz uchun Ukraina hududida maxsus harbiy operatsiyani (urush) boshlagan bo‘lsak. Nega aynan shu mulohazalardan kelib chiqib, taʼsir doiramizning boshqa nuqtalarida ham maxsus harbiy operatsiyani boshlay olmaymiz?» — dedi Kreml propagandachisi.
O'zbekistonlik jamoatchilik faollari Solovyovning chiqishini keskin tanqid qilib, o‘z fikrlarini bildirmoqda.
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, siyosatshunoslik fanlari doktori, professor Sherzodxon Qudrato‘ja:
«Vladimir Solovyov ilgari maskirovka qilishga urinib kelishgan narsani jonli efirda ochiqcha aytib qo‘ydi: xalqaro huquqqa tupurib qo‘ysa bo‘ladi, severenitet — shunchaki qog‘ozdagi narsa, o‘zga davlatlarni esa «ta’sir ostidagi hudud» deb atash mumkin.
«Bizning Osiyo» formulasi — tasodifan aytib yuborilgan ibora emas, sof mustamlakachi tili, bunday davlatlar ob’ektga, chegaralar esa shunchaki to‘siqqa aylanadi.
Ayniqsa bir jihat e’tiborli: xuddi shu inson qachonlardir omma oldida chiqish qila turib, Ukrainaga hujum qilish — falokat sari yo‘l va mudhish jinoyat deya ta’kidlagan edi. Bugunga kelib, bu «jinoyat» hech qanday tebranishlarsiz «zaruriyat»ga aylantirildi. Biror narsani tushuntirishning imkonini topa olmasa propaganda aynan shunaqa ishlaydi: u darhol o‘z xotirasini o‘chirib tashlaydi va tomoshabinga ham shunday qilishni taklif qiladi.
Albatta, Solovyov xuddi bulbuligo‘yo kabi, aytgan gapining oqibatiga javob bermasdan baland ovozda, avjli qilib, chirangancha sayramoqda, deyish ham mumkin. Yana bu Rossiya oliy doiralarining pozitsiyasi emasligi, mamlakat ichki aholisiga ta’sir ko‘rsatish uchun navbatdagi propagandistik nomer ekaniga ishonging keladi. Lekin yaqin tarix bunaqangi «xonishlar» shunchaki gap sifatida qolib ketmayotganini tez-tez isbotlab turibdi.
Bekorga Xitoy faylasufi Lao Ji eramizdan avvalgi VI asrdayoq ogohlantirmagan: «Fikrlaringizdan ehtiyot bo‘ling — chunki ular qilmishlaringizning debochasidir».
Ommaviy siyosatda ochiqchasiga aytilgan fikrlar endi bu faylasuflik emas. Bu harakatlar repititsiyasi. Bu hato bahs ham, tahlil ham emas. Bu urushni siyosat quroli vositasi o‘laroq normallashtirish.
Ukraina pretsedentga aylandi, Markaziy Osiyo — tilga olingan fantaziyalar predmeti, «ta’sir ostidagi hudud» — xavfsizlik qobig‘iga o‘ralgan har qanday zo‘ravonlik uchun universal oqlovga aylanmoqda.
Ekrandan turib, «huquqqa tupurilsin» deb turilganda, gap ritorika haqida bormaydi aslo. Gap — niyatda! Tarix bunday bayonotlarni hissiyot bilan aytilgan, deb eslab qolmaydi, dalil sifatida qayd etadi. U har doim bir xil tarzda —efirda chiqish qilib tuzatib bo‘lmaydigan oqibatlar bilan yakun topadi.
Bu mantiqning davomi kundek ravshan va shu sababdan ham o‘ta xavfli. Toki xalqaro huquq «amal qilish shart emas», suverenitet — shartli deb topilar ekan, propaganda chizib berayotgan dunyoda na ittifoqchilar, na kelishuvlar, na kafolatlar qoladi. Faqat nomi «xavfsizlik» deb o‘zgartirilgan kuchli tomonning huquqi qoladi.
Bunday dunyo manzarasida davlatlar ortiq subyekt bo‘lolmaydi — ular uyoqdan bu yoqqa surish, o‘chirib tashlash, joriy televizon vaj-korsonlarga ko‘ra o‘zlashtirib olish mumkin bo‘lgan xarita parchalariga aylanadi. Bugun efirda go‘yoki og‘zidan gullab qo‘yadi, ertaga siyosiy tilda mustahkamlashadi, indinga harakatga aylanadi. Aynan shu tarzda so‘z shunchaki so‘z bo‘lib qolmasdan, mexanizmga aylanadi.
Tarix bu yo‘llarni bosib o‘tgan. Avval — ritorikada boshboshdoqlikka indalmaydi. Keyin — tushuntirishlarda zo‘ravonlikka da’vat odati. Eng so‘ngiga kelib esa — nega «hech kim tushunmayotgani» va «kutilmaganda hamma birdaniga qarshi turib olgani»dan hayratlanish. Propaganda doim oqibatlarni ham kechagi bayonot qanday osongina berilgan bo‘lsa, shu tarzda osongina bekor qilish mumkin, deb o‘ylaydi. Lekin reallik bunaqa ishlamaydi.
XXI asrda urush e’lon qilishga ortiq hojat yo‘q. Uni normallashtirish yetarli. Bir necha bor «bizga mumkin», «shunday qilish kerak», «boshqachasi mumkin emas» deyilsa bas. Overton tuynugi ham aynan shunday ishlaydi: kecha — aqbovarqilmas holat, bugun — muhokama mavzusi, ertaga — ehtimolli, indinga — amalga oshirilayotgan narsa. Xuddi shuning uchun bu kabi efirlar mazmuni emas, funksiyasi bilan xatarli — ular mumkinlik chegarasini suradi va jamiyatni keyingi qadamga tayyorlaydi.
Bu yerda savol birgina teleboshlovchiga emas. Savol bunday formulalarni imkonli deb qabul qilayotganlarda. Chunki har safar agressiya so‘zlarda oqlanib turilsa, u harakatlarga yaqinlashaveradi. Har safar huquqni to‘siq deb e’lon qilishsa, dunyo keyinchalik «majbur bo‘lingan» deya tushuntiriladigan navbatdagi falokatga bir qadam yaqinlashaveradi.
Propagandadan farqli o‘laroq, tarix hech narsani unutmaydi. U shunchaki ovoz chiqarib aytilgan gap tanlov ongli tarzda amalga oshirilgani uchun yetarli dalil bo‘lishini kutib turadi, xolos»? deb yozdi professor Sherzodxon Qudratxo‘ja.
Jurnalist Ilyos Safarov ham Solovyovning chiqishi yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
«Vladimir Solovyovning Markaziy Osiyoda ham «maxsus harbiy operatsiya» o‘tkazish mumkinligi haqidagi bayonoti — bu shunchaki hayp emas, balki Rossiya propagandasining eng tajovuzkor va xavfli yo‘nalishlarini ifodalovchi siyosiy signaldir.
Sir emas, rus propagandasi — haqiqatni buzish, qo‘rquv va adovatni ishlab chiqarishga xizmat qiladigan zaharli axborot mahsuloti. Solovyov esa ayni shu zaharni ommaga yetkazadigan eng faol va tajovuzkor uzatkichlardan biri. Solovyov Putinga yaqin shaxs sifatida ko‘p hollarda Kreml doiralarida shakllanayotgan qarashlarni ommaga moslab, balandroq va keskinroq shaklda ifodalab keladi, shu bois ham uning bu chiqishini oddiy telemulohaza darajasida baholab bo‘lmaydi.
Bu ritorika shuningdek, xalqaro huquqni chetga surib, mustaqil davlatlarga «ta’sir doirasi», degan tushuncha orqali bosim o‘tkazishni normal holat sifatida ko‘rsatishga urinish ham. Bunday yondashuv u yetib boradigan jamiyatlar ongini zo‘ravonlik va harbiy aralashuvga oldindan tayyorlashga xizmat qiladi. Ayniqsa, Markaziy Osiyo kabi geosiyosiy jihatdan «sezgir» mintaqa uchun bu kabi bayonotlar real xavf sifatida qabul qilinishi kerak.
Takrorlayman, O‘zbekiston va mintaqaning boshqa davlatlari bu chiqishni shunchaki telebahs, oddiy shov-shuvli fikr emas, balki Rossiya siyosiy tafakkurida mavjud bo‘lgan xavfli tendensiyaning ochiq ifodasi sifatida baholashi kerak. Shu sababli, suverenitet va hududiy yaxlitlikka ochiqdan-ochiq shubha solayotgan Solovyov kabi shaxslar eng kamida xohlanmaydigan shaxs (persona non grata) sifatida belgilanishi mantiqan asosli qaror bo‘ladi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi nimani kutyapti, ishlatsin o‘tgan yili kuchga kirgan yangi tartibni. Qonunlar «antikvar» emaski, ishlatmasdan saqlab qo‘yilsa. U avvalo davlatlar suverenitetini mensimaydigan shunday nusxalar uchun ishlashi kerak. Chunki bugun propaganda tilida aytilgan fikrlar ertaga amaliy siyosiy qarorlarga aylanishi tarixda ko‘p bor isbotlangan, isbotlanyapti ham.
Jamoatchilik faoli Aziza Umarova Solovyovning ushbu chiqishidan so‘ng efirlardan olib tashlangan «Otamdan qolgan dalalar» filmini ekranlarga qaytarish tashabbusini ilgari surdi.
«Vladimir Solovyovning bayonotidan so‘ng, ehtimol, nihoyat Shuxrat Abbasovning «Otamdan qolgan dalalar» filmini efirga chiqarish vaqti kelgandir?
Badiiy shaklda — uzun matnlarni o‘qishga va chuqur mulohaza qilishga o‘rganmagan tomoshabin uchun ham tushunarli va ochiq tarzda — film ikki soat ichida munosabatlar evolyutsiyasini to‘liq ko‘rsatib bera oladi. Film premyerasidan so‘ng darhol taqiqlangan va 1997 yildan beri ommaviy maydonda namoyish etilmagan (faqat YouTube’ga joylangan).
Film Tog‘ay Murodning romani asosida suratga olingan bo‘lib, u o‘tmish va oddiy odamlar hayoti haqidagi nihoyatda lirik, ta’sirchan va rostgo‘y badiiy muloqotning kam uchraydigan namunasidir. Bunday asarlar maktablarda tarix darslarining bir qismi bo‘lishi, shuningdek, televideniye efirlarida yangrab turishi kerak — chunki aynan ular ma’naviy immunitetni shakllantiradi va bunday bayonotlarning mazmun-mohiyatini anglashga yordam beradi», deb yozgan faol o‘zining «Facebook»dagi sahifasida.
Iqtisodchi Otabek Bakirov rus propagandist jurnalistining bu chiqishini qimorbozlardan kaltak yegan mushtumzo‘rning alamini tinch ketayotgan odamlardan olganiga o‘xshatdi.
«Suriya va Venesueladan tepilganlarning propagandachisi mintaqamizga tahdid qilayapti. Bu xuddi qimorbozlardan kaltak yeb, afti majaqlangan mushtumzo‘r o‘z yo‘lida tinch ketayotganlarga dag‘dag‘a qilishiga o‘xshaydi.
«Uch kun qor yog‘uvdi, qorini kuray olmay yotishipti. Dag‘dag‘asiga o‘lasanmi? O‘zing har yili million aholining qurib, botayotgan bo‘lsang, har yili 2 millionga o‘sayotgan 85 millionlik Markaziy Osiyoga do‘q urishinga balo bormi?» — deb savol qo‘ygan iqtisodchi.
Iqtisodchining fikricha, nima bo‘lganda hamm bunday po‘pisayu bayonotlarni javobsiz qoldirmasligi, Markaziy Osiyo davlatlari birgalikda nota berish kerak, yagona pozitsiyada ekanimizni ko‘rsatish kerak.
Bloger Nikita Makarenko O‘zbekiston suverenitetini himoya qilishga chaqirdi.
Jurnalist va bloger Nikita Makarenko rossiyalik propagandachi Vladimir Solovyovning so‘zlarini keskin tanqid qilib, O‘zbekiston suverenitetiga shubha uyg‘otuvchi g‘oyalarni ommaviy tarqatish mumkin emasligini taʼkidlagan murojaatni eʼlon qildi.
Makarenkoning fikricha, aksariyat mamlakatlarda davlat OAV vakillari boshqa davlatlarning mustaqilligiga nisbatan bunday bayonotlar berishdan tiyiladi. U bunday fikrlar shaxsiy mulohaza emas, balki efirga uzatilayotgan siyosiy xabarlarning bir qismi ekanligini taʼkidladi.
«Solovyov o‘z g‘oyalarini aytmaydi. U yetkazish buyurilgan xabarlarni efirga uzatadi, xolos», dedi Makarenko.
Jurnalist o‘z murojaatida, shuningdek, «umumiy o‘tmish», «xalqlar do‘stligi» va «sovet merosi» haqidagi gaplar neokolonial yondashuvni yashirish uchun ishlatilishini va mintaqa davlatlari bilan teng huquqli hamkorlikni nazarda tutmasligini aytdi.
«Rossiyada hech kim bizni teng huquqli ittifoqchi va hamkor sifatida ko‘rmaydi. Ular faqat mustamlaka xomashyo bazasiga qayta qo‘shilishi kerak bo‘lgan qaram odamlarni ko‘rishadi», deb yozgan u.
Makarenko O‘zbekistonda shunday g‘oyalarni targ‘ib qilayotgan tashkilotlar va OAV faoliyatini sinchiklab o‘rganib chiqishga alohida chaqirdi. Xususan, u madaniy taʼsir o‘tkazuvchi tuzilmalar, jumladan Rus uyi, shuningdek Rossiya manfaatlarini himoya qiluvchi propagandachi OAVni tilga oldi. Uning aytishicha, bu tuzilmalar mamlakatdagi rusiyzabon aholi manfaatlarini emas, balki tashqi siyosiy kuchlar manfaatlarini ko‘zlab ish yuritadi.
«Biz, rusiyzabon O‘zbekiston fuqarolari, tinch, suveren O‘zbekiston g‘oyasi atrofida jipslashib, mustamlakachi “xo‘jayinlar”siz, o‘z mustaqil hayotimizni qurishimiz va o‘z uyimizni himoya qilishimiz kerak», deb postini tugatgan Nikita.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11215 | Инструменты