Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahridagi ko‘p qavatli uylardan birida sodir bo‘lgan portlash yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda IIV Tergov departamenti xabar berdi.
“Bo‘ston” MFY hududida joylashgan to‘rt qavatli uyda 25 fevral kuni portlash sodir bo‘lib, yong‘in kelib chiqqani yuzasidan Farg‘ona viloyati IIB 2-mintaqaviy hudud Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi “a” bandi (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘lishiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jinoyat ishi Tergov departamenti tomonidan nazoratga olingan.
Baxtsiz hodisa sabab mazkur uyda istiqomat qilgan, 2007 yilda tug‘ilgan fuqaro beton qoplama (plita) bosib qolishi sababli og‘ir tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan. Boshqa shaxslarning jarohat olgani to‘g‘risida maʼlumot kelib tushmagan. Hodisa oqibatida bir necha xonadonga zarar yetgan.
Portlashning kelib chiqish sabablarini aniqlash va hodisa joyini ko‘zdan kechirish ishlariga kirishilgan. Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashropov tomonidan voqea joyida tergov-tezkor guruhi tuzilib, masʼul xodimlarga zarur topshiriqlar berilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22613 | Инструменты