“Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish sohasini qo'llab-quvvatlash bo'yicha qo'shimcha chora tadbirlar to'g'risida”gi Prezident qarori (PQ-207-son, 26.06.2025-y.) qabul qilindi.
Ushbu qarorni qabul qilishdan ko'zlangan asosiy maqsadlar etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
- qimmatbaho metallarni qayta ishlashning yillik hajmini 7 tonnaga, zargarlik buyumlarini eksport qilish ko'rsatkichlarini 300 mln AQSH dollariga yetkazish;
- qimmatbaho metallar va zargarlik buyumlarining norasmiy aylanmasini kamida 50 foizga qisqartirish.
Qarorga ko'ra, zargarlik markazlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga quyidagi qo'llab-quvvatlash choralari taqdim etiladi, jumladan:
- qimmatbaho metallarni kechiktirib to'lash sharti bilan sotishda 90 kun ichida amalga oshirilgan to'lovlar qismiga foiz hisoblanmaydi, 91-kundan boshlab 180-kungacha amalga oshirilgan to'lovlar qismiga – yillik 3 foiz miqdorida foiz hisoblanadi;
- zargarlik markazlarida "O'zbekzargarsanoati" uyushmasi va Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasining filiallari faoliyati (sayyor xizmat ko'rsatish) yo'lga qo'yiladi;
- zargarlik markazlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar “O'zbekzargarsanoati” uyushmasiga a'zo bo'lganda a'zolik badalini 50 foizlik chegirma bilan to'laydi.
Qarorga ko'ra, 2026-yil 1-yanvardan quyidagilar bekor qilinadi:
- qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan ishlab chiqarilgan zargarlik buyumlari va yarim tayyor mahsulotlarni realizatsiya qilish bo'yicha aylanmani QQSdan ozod qilishga oid imtiyoz;
- oltindan yasalgan zargarlik buyumlarini chakana savdoda sotganlik uchun yig'im.
2028-yil 1-yanvargacha zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish yoki ularni sotish faoliyati bilan shug'ullanuvchi tadbirkorlarga QQSning 80 foizi har oyning 25-sanasigacha avtomatik ravishda respublika byudjetidan qaytariladi.
2025-yil 1-sentabrdan:
- YTTlarga zargarlik buyumlarini sotish faoliyati bilan shug'ullanishga ruxsat etiladi;
- Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasi tomonidan Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida zargarlik buyumlarining asillik darajasini tekshirish va ularni tamg'alash bo'yicha sayyor xizmat ko'rsatish yo'lga qo'yiladi;
- qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to'g'risidagi huquqbuzarliklar to'g'risida "Soliq" mobil ilovasi orqali xabar bergan shaxslarga undirilgan jarima miqdorining 50 foizi miqdorida mukofot to'lanadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 70103 | Инструменты