Jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tuman sudi sobiq raisi Kamoliddin Murodovga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, bugun Qashqadaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hayʼatida Kamoliddin Murodovga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi eʼlon qilingan. Ushbu jinoyat ishi Qashqadaryo viloyat sudi raisining o‘rinbosari - jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hayʼati raisi O‘. Mamadaliyevning raisligida birinchi instansiyada ko‘rib chiqilgan.
Sud hukmiga muvofiq Kamoliddin Murodov Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 3 yil transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilangan.
Kamoliddin Murodov joriy yil 9 mart kuni advokat tanishi bilan YTHga uchragan. Buning oqibatida advokat og‘ir tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan. Kamoliddin Murodov aybiga umuman iqrorlik bildirmagan hamda mashina boshqaruvida o‘zi bo‘lganini rad etgan. Ammo sud-biologik ekspertizasi rulda u bo‘lganini tasdiqlagan.
“Kamoliddin Murodov va ukam bir-birlari bilan yaxshi tanish edi. Voqea sodir bo‘lgan kuni sud raisi o‘z xizmat mashinasida ukamning uyiga kelgan. Keyin ular ukamga tegishli Lacetti mashinasida qayergadir chiqib ketishgan.
Ortga qaytishda mashina yo‘ldan chiqib ketib, daraxtga urilgan. Buning oqibatida ukam halok bo‘ldi. Guvohlarning aytishicha, YTH paytida mashina rulida sudya bo‘lgan, advokat ukam esa old yo‘lovchi o‘rindig‘i tomondan tashqariga otilib chiqib ketgan. Albatta, rulda kim bo‘lgani tergov jarayonida aniqlanadi. Biz haqiqat qaror topishi tarafdorimiz. Sababi ukamning to‘rt farzandi yetim qoldi”, degandi oldinroq marhum advokatning Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan opasi.
2024 yil dekabr oyi oxirida Kamoliddin Murodov o‘ziga qarshi suddan yashiringan edi. Shu sababli jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudi jinoyat unga qamoq ehtiyot chorasini qo‘llash va qidiruv eʼlon qilish haqida ajrim chiqargan, sud hujjatida sobiq sudya ushlangach Qarshi shahar 5-tergov hibsxonasiga etap qilinishi belgilangandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 70102 | Инструменты