Prezident Shavkat Mirziyoyev Yakkabog‘ tumanida barpo etilgan “Yangi O‘zbekiston” massivini borib ko‘rdi.
Aholi farovonligi va turmush madaniyatini oshirishga qaratilgan mazkur massiv ilg‘or shaharsozlik yechimlari asosida qurilgan. Ko‘p qavatli uy-joylar ko‘rkamligi, tartibliligi va obodligi bilan tuman qiyofasini o‘zgartirib yubordi. 18 gektar maydonni egallagan massivda 54 ta besh qavatli uylar qurilib, 1 ming 400 ta xonadon aholiga taqdim etiladi.
Inshootlar nafaqat zamonaviy arxitekturasi, balki aholi uchun yaratilgan infratuzilmaning qulayligi bilan ham ajralib turadi. Har bir uy zamonaviy kommunikatsiya tarmoqlari, atrofi esa bolalar maydonchalari va avtoturargohlar bilan ta’minlangan.
Shu bilan birga, hududda qurilgan uch qavatli “Eko bozor” barpo etilgan. U orqali mahalliy dehqonlar o‘z mahsulotlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri iste’molchilarga yetkazish imkoniga ega. Bu esa ham sifat, ham narx jihatidan odamlarga ma’qul bo‘lmoqda. Bozorda 640 ta ish o‘rni yaratilgan.
Davlat rahbari ushbu ekobozorda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, sotuvchi va xaridorlar bilan muloqot qildi.
– Bozorlar to‘kinlik, farovonlik va xalqning madaniyatini ko‘rsatadi. Yakkabog‘da shunday obod maskan bunyod etilgani quvonarli. Xalqimizning xarid qobiliyati, bozor madaniyati oshyapti. Shunga munosib bunday qulay savdo markazlarini ko‘paytirish kerak, – dedi Prezident.
Alohida e’tiborga molik jihati, massivdagi infratuzilma inshootlariga quyosh panellari va geokollektorlar o‘rnatilgan. Bu esa energiya tejamkorligi va uzluksizligi, ekologik xavfsizlikni ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.
Aholining dam olishi, bolalar va yoshlarning faol vaqt o‘tkazishi uchun ham qulayliklar yaratilgan. Xususan, sayilgohlar, bolalar bog‘chasi, sport maydonlari, sog‘lomlashtirish maskanlari hamda servis nuqtalari yagona konsepsiya asosida barpo qilingan.
Mutasaddilarga shu konsepsiya asosida boshqa tuman markazlari va massivlarni ham rivojlantirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 62004 | Инструменты