Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova lavozimini tark etib, deputatlikni tanlaganliklari haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bu haqda AOKA matbuot xizmati ma’lum qildi.
"Davlat ro‘yxatidan o‘tgan OAVda Oliy Majlis qonunchilik palatasiga deputatlikka O‘zLiDePdan nomzodi qo‘yilgan Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova hamda "Milliy Tiklanish" partiyasidan nomzod, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovlarning lavozimlaridan ketganliklari va deputatlikni tanlaganlari to‘g‘risida yoritilgan asossiz xabar ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar orqali tarqatilmoqda.
Mazkur xabarlar haqiqatga mos kelmasligini hamda mutasaddi lavozimda bo‘lgan deputatlikka nomzodlar haqida tegishli ma’lumotlar Markaziy saylov komissiyasi yoki partiyalarning rasmiy sahifalarida xabar berilishini ma’lum qilamiz", deyiladi xabarda.
Shu kuni Markaziy saylov komissiyasining bir mandatli saylov okrugi hamda yagona saylov okrugi bo‘yicha Qonunchilik palatasiga partiyalar ro‘yxati asosida saylangan deputatlarni ro‘yxatga olish to‘g‘risida qarori qabul qilindi.
Bir mandatli saylov okruglarida saylangan deputatlar ro‘yxatida vazirlar yo‘q. Bu esa partiyalar ro‘yxatidagi vazirlar va boshqa rahbarlar mandatidan ixtiyoriy voz kechishganini anglatadi.
Ro‘yxatga ko‘ra, beshta partiya raislari – O‘zLiDeP partiyasi raisi Aktam Hayitov, «Milliy tiklanish» partiyasi raisi Alisher Qodirov, Ekologiya partiyasi raisi Abdushukur Hamzayev, Xalq-demokratik partiyasi raisi Ulug‘bek Inoyatov hamda «Adolat» SDP raisi Robaxon Mahmudova deputat etib saylangan.
Shuningdek, Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov (XDP), uning o‘rinbosari Akmal Saidov («Milliy tiklanish»), Narimon Umarov («Adolat»), Boriy Alixanov (Ekopartiya) ham yagona saylov okrugi bo‘yicha deputat etib saylangan.
Saylov natijalariga ko‘ra, parlament quyi palatasi tarkibi qariyb 60 foizga yangilangan.
Ayrim senatorlar deputatlikka o‘tgan, shuningdek, prezident administratsiyasi xodimlari orasidan ham deputat bo‘lganlar bor. Xususan, O‘zbekiston Prezidentining ijiimoiy-siyosiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari Rahimjon Hakimov O‘zLiDep ro‘yxati bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110606 | Инструменты