O'zbekiston maktabgacha va maktab ta'limi vaziri o'rinbosari Sardor Rajabov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi 14-16-may kunlari Irlandiya poytaxti Dublin shahrida bo'lib o'tgan Davolash pedagogikasi bo'yicha Yevropa tashkilotining (HOPE) navbatdagi xalqaro kongressida ishtirok etdi, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA.
HOPE o'z faoliyatini 1988-yilda Sloveniyaning Lyublyana shahrida birinchi Yevropa kasalxonalaridagi o'qituvchilar kongressini o'tkazish bilan boshlagan. Tashkilotning asosiy maqsadi – davolanishda bo'lgan bolalar uchun mukammal va yuqori sifatli ta'limni ta'minlashdan iborat. HOPE tadbirlarida davolash pedagogikasini yana-da rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinadi hamda seminar-treninglar orqali sohadagi ilg'or tajribalar o'rganiladi.
Maktabgacha va maktab ta'limi vaziri o'rinbosari Sardor Rajabov kongressdagi ma'ruzasida Yangi O'zbekistonda ijtimoiy sohada, jumladan, xalq ta'limi tizimida inklyuziv ta'lim va gospital pedagogikani rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli yangilanishlar haqida so'zlab berdi.
Xorijiy tomon uchun O'zbekistonda davolash pedagogikasini rivojlantirish bo'yicha ilk loyiha – "Mehrli maktab" haqida taqdimot o'tkazildi va videorolik namoyish etildi.
Taqdimot kongress ishtirokchilari tomonidan yuqori baholandi.
O'zbekiston vakillari, shuningdek, Irlandiyaning "Linn Dara" va "Solas Hospital school" kabi shifoxona maktablarida yaratilgan sharoitlar hamda mutaxassislar faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51902 | Инструменты