“Mamlakat taraqqiyotining 2030 yilgacha mo'ljallangan ustuvor yo'nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident Farmoni (PF–21-son, 16.02.2026-y.) qabul qilindi.
Farmonni qabul qilishdan ko'zlangan asosiy maqsadlar etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
- “O'zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida erishilgan yutuqlar va mavjud muammolarni hisobga olgan holda samaradorlik ko'rsatkichlarini belgilash;
- “O'zbekiston – 2030” strategiyasi maqsadlariga erishilishini monitoring qilish jarayonlarini to'liq raqamlashtirish.
Raqamli platformada “O'zbekiston – 2030” strategiyasi maqsadlarining samaradorlik ko'rsatkichlariga erishilishi holati quyidagi toifalarga ajratiladi:
- “yashil” – belgilangan samaradorlik ko'rsatkichiga o'z vaqtida va to'liq erishilgan;
- “sariq” – belgilangan samaradorlik ko'rsatkichiga erishishda kechikishlar mavjud, biroq ularni bartaraf etish imkoni bor;
- “qizil” – samaradorlik ko'rsatkichiga erishishda jiddiy kechikishlar mavjud yoki ularga umuman erishilmagan.
Bunda:
- “yashil” toifaga kiritilgan samaradorlik ko'rsatkichlariga mas'ul idoralar rag'batlantiriladi;
- “sariq” toifaga kiritilgan samaradorlik ko'rsatkichlariga erishishda mavjud kechikishlar sabablari tahlil qilinadi hamda ularni bartaraf etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan tegishli idoraga zarur choralarni ko'rish bo'yicha ko'rsatmalar beriladi;
- “qizil” toifaga kiritilgan samaradorlik ko'rsatkichlariga mas'ul idoralar faoliyati Vazirlar Mahkamasi Rayosatida tanqidiy ko'rib chiqiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21803 | Инструменты