Mutaxassislarning fikriga ko‘ra quyosh nuri ko‘rinuvchi – kunduzgi nurlar, ko‘rinmaydigan – infraqizil va ultrabinafsha nurlar kabi bir necha qismdan iboratdir. Olimlar ultrabinafsha nurlarining bir necha qismlarga bo‘linishini isbotlashdi.
Ayniqsa, uning A va B turining me'yoridan ortig‘i kishi organizmida salbiy oqibatlarga olib keladi.
Yoz mavsumida oftob urishi – quyosh issiqligining boshga ta'siri natijasida bosh miya faoliyatining buzilishi bilan bog‘liq patologik holat sanaladi.
Bunday hol tananing ortiqcha miqdordagi issiqlikni boshqara olmasligi va o‘zini yetarli darajada sovuta olmasligi oqibatida kelib chiqadi. Natijada organizmda ter ishlab chiqarish tizimining buzilishidan tashqari qon aylanish faoliyati izdan chiqadi. Tomirlar kengayib ketadi. Natijada butun tanada qon aylanishi sekinlashadi. Bu esa bosh miya faoliyatida salbiy o‘zgarishlarga olib keladi.
Oftob urishi belgilari
Oftob urishi natijasida bemorda bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, lanjlik kuzatiladi. Havoda namlik yuqori bo‘lsa, bu belgilar yanada kuchayishi mumkin. Oftob urishining yengil, o‘rta va og‘ir darajalari mavjud.
Uning yengil darajasida lanjlik, bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, yurak urishi va nafas olishning tezlashishi, ko‘z qorachig‘ining kengayishi kuzatilsa, o‘rtacha darajasida harakatlarning keskin sustlashishigacha boradigan holsizlik, ko‘ngil aynishi va qusish bilan kechuvchi kuchli bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, quloqning bitib qolishi, chayqalib yurish, vaqti-vaqti bilan hushdan ketish, tomir urishi va nafas olishning tezlashishi, burundan qon ketishi, tana haroratining 39-40C gacha ko‘tarilishi kuzatiladi.
Og‘ir darajadagi oftob urishi bexosdan boshlanadi.
Unda kishining yuzlari avval qizarib, keyin oq va ko‘kimtir tusga kiradi, mushaklar tortishadi. Bemorda bosinqirashga o‘xshash holat kuzatilib, uning ko‘ziga har xil narsalar ko‘rinadi. Tana harorati 41-42 C gacha ko‘tariladi. Oqibatda og‘ir behushlik holati rivojlanib, peshob va axlatning beixtiyor ajralishi kuzatiladi.
Shunisi ayanchliki, og‘ir darajadagi oftob urishi 20-30 foiz holatlarda o‘lim bilan yakunlanadi.
Oftob urish xavfi quyosh nurlarining boshga bevosita ta'sir etishida, atrof-muhitdagi ortiqcha namlik kuzatilganda, sog‘liqdagi ayrim muammolar (semizlik, qon bosimining yuqoriligi, yurakdagi tug‘ma nuqsonlar sababli ham yuzaga keladi. Endokrin tizimdagi buzilishlar, bir yoshgacha bo‘lgan (ayniqsa, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar) va qarilik davrida, (go‘daklar organizmining tabiiy issiqlikni tartibga solishi tizimi hali yetarlicha rivojlanmagan, qariyalarda esa bu tizim faoliyati sustlashgan) surunkali chekishda, alkogoldan zaharlanishda, asabiy zo‘riqish va stress (ruhiy zo‘riqish) da kuchayib ketishi mumkin.
Mutaxassis maslahati
Aholi o‘rtasida oftob urishidan saqlanish uchun boshni yengil, oq rangdagi tabiiy tolali bosh kiyim bilan, ko‘zlarni esa quyoshdan saqlovchi ko‘zoynak yordamida muhofaza qilish, soyabondan foydalanish tavsiya etiladi.
Shuningdek, quyosh tig‘ida, cho‘milish joylarida, ayniqsa, quyosh faol davri hisoblanmish – soat 12. 00 dan 16. 00 gacha bo‘lgan davrda uzoq vaqt qolishdan saqlanish lozim.
Alpha version: 0.9.1.19 build 70203 | Инструменты