Huawei 1
O‘zbekiston CAMI tashabbusining 2026–2032-yillardagi rahbari etib saylandi

24–26-iyun kunlari Toshkentda Markaziy Osiyoda sut emizuvchi hayvonlarni himoya qilish tashabbusi (CAMI) mamlakatlarining uchinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.Bu tadbir yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro Konvensiya (CMS) doirasida tashkil etildi.

Uchrashuv O‘zbekiston hukumati va CMS kotibiyati yordamida, Xalqaro iqlim tashabbusi (IKI) tomonidan moliyalashtirilgan loyiha doirasida o‘tkazildi.

Ma'lumot uchun, CAMI 14 ta davlatni birlashtirib, noyob va yo‘qolib borayotgan hayvon turlari, masalan, qor qoploni, gepard, yovvoyi tuya, Buxoro bug‘usi, qulon, jayron kabi hayvonlarni himoya qilishga qaratilgan.

Uchrashuv mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Unda CAMI tashabbusiga kiruvchi davlatlar vakillari bilan bir qatorda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar — jumladan, Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN), BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD), Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), Tabiat va biologik xilma-xillikni muhofaza qilish ittifoqi (NABU), Yovvoyi tabiatni muhofaza qilish jamiyati (WCS), Frankfurt zoologiya jamiyati (FZS), Shotlandiya Qirollik zoologiya jamiyati (RZSS) va boshqa tashkilotlardan qariyb 60 nafar vakil ishtirok etdi.

Ishtirokchilar har bir mamlakatning hisobotlarini tinglab, CAMI dasturining 2020–2026-yillardagi ijrosini muhokama qildi va 2026–2032-yillar uchun yangi reja loyihasi qabul qilindi. Shuningdek, himoya qilish uchun ustuvor hududlar va muhofaza zonalarini aniqlash mezonlari belgilandi.

Shuningdek, Markaziy Osiyoda hayvonlarning ko‘chib yurish yo‘llari va ularning infratuzilmasini ko‘rsatadigan yangilangan xarita taqdim etildi. Bu xaritaning ikkinchi nashri kengaytirilgan va unga raqamli platforma qo‘shilgan.

Asosiy natijalar quyidagilar:

— O‘zbekistonning taklifiga ko‘ra, Buxoro bug‘usini CMSning birinchi ilovasidan chiqarish qo‘llab-quvvatlandi va bu masala COP15 yig‘ilishida ko‘rib chiqiladi;

— Tojikiston taklif qilgan sirtlonlarni ro‘yxatga qo‘shish ham qo‘llab-quvvatlandi va COP15da muhokama qilinadi;

— Manul va Yevroosiyo silovsini CAMI himoya qilinadigan turlar ro‘yxatiga kiritildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston 2026–2032-yillarda CAMI raisi, Turkmaniston esa uning o‘rinbosari etib saylandi.

CAMI mamlakatlari tomonidan qabul qilingan qoidalarga muvofiq, CAMI raisi mamlakatlar o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirish, ish rejasini amalga oshirishga ko‘maklashish, zarur mablag‘larni jalb qilish va hamkorlikni kuchaytirish vazifasini bajaradi.

Toshkentdagi uchrashuv O‘zbekistonning mintaqada tabiatni muhofaza qilishda yetakchi ekanligini va Samarqandda bo‘lib o‘tgan CMS COP14 yig‘ilishidagi qarorlarni amalga oshirishdagi faol rolini yana bir bor tasdiqladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70200 | Инструменты