Joriy yilning 29-aprel kuni O‘zsanoatqurilibankning moliyaviy ko‘magi bilan Samarqand metallurgiya zavodi (“AZIA METALL PROF” mas’uliyati cheklangan jamiyati)da rux va polimer qoplamali metall mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
So‘nggi yillarda Prezidentimiz rahnamoligida metallurgiya sohasini transformatsiya qilish va raqamlashtirish yo‘nalishida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, zamonaviy va yuqori texnologiyalarga asoslangan yangi ishlab chiqarish quvvatlari barpo etilmoqda.
Samarqanddagi “AZIA METALL PROF” korxonasi tomonidan ishga tushirilgan navbatdagi muhim loyiha – metalni sovuq prokatlash usulida qayta ishlash liniyasi ana shular sirasiga kiradi.
Loyihaning umumiy qiymati 219,6 mln. AQSh dollari hajmida bo‘lib, shundan 90 mln. dollari xorijiy investitsiya, 50 mln. dollari esa, O‘zsanoatqurilishbank tomonidan Canoatni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan jalb qilindi.
Ayni paytda ishlab chiqarish quvvati 500 ming tonnaga teng bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2026-yilga borib 600 ming tonnagacha oshirilishi rejalashtirilgan. Qo‘shimcha 400 ta ish o‘rni yaratilgan, mahsulotlar ichki va tashqi bozorlarga yetkazib beriladi.
Ochilish marosimida yangi majmua iqtisodiy o‘sish, bandlik darajasini oshirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish kabi yo‘nalishlarda mamlakat taraqqiyotiga katta hissa qo‘shishi ta’kidlandi. Loyiha nafaqat mintaqa, balki butun mamlakat sanoat salohiyatini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Ma’lumot uchun. “AZIA METALL PROF” o‘z faoliyatini 2018-yilda boshlagan. Metall quvurlar va profillar, rux va polimer bilan qoplangan listlar, issiq o‘ramali metall mahsulotlari hamda qurilish uchun profillar va armatura ishlab chiqariladi.
O‘zsanoatqurilishbank mazkur loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlab, korxonani zamonaviy texnologik uskunalar va aylanma mablag‘lar bilan ta’minlab kelmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 43017 | Инструменты