Bosh prokuratura akademiyasi qoshida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etiladi. Bu bo'yicha prezidentning "Jinoyatlarni tergov qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilindi.
Belgilanishicha, Toshkent davlat yuridik universitetining ixtisoslashtirilgan filialini tugatiladi hamda uning shtat birliklari, o‘quv va moddiy-texnika bazasini Akademiyaga o‘tkaziladi.
Akademiyada 2023-2024-o‘quv yilidan boshlab tergov faoliyati va huquqni muhofaza qilish faoliyatining boshqa sohalarida oliy ta’limning ikki bosqichli tizimi – bakalavriat va magistratura bo‘yicha to‘laqonli o‘quv jarayoni tashkil etiladi.
Ma’lum qilinishicha, tergov faoliyati yo‘nalishidagi har yilgi qabul kvotalari bakalavriat dasturi bo‘yicha – 250 nafargacha talaba, magistratura dasturi bo‘yicha – 50 nafargacha oliy yuridik ma’lumotli vakolatli davlat organlari xodimlaridan iborat bo‘ladi.
Shuningdek, akademiyada ta’lim olish muddati bakalavriat dasturi bo‘yicha – 3 yilni, tergov faoliyati yo‘nalishidagi magistratura dasturi bo‘yicha – 1 yilni tashkil etib, bitiruvchilarga oliy yuridik ta’limning tegishli bosqichini yakunlaganligini tasdiqlovchi davlat namunasidagi diplomlar beriladi.
Ta’lim muassasida o‘qitish davlat grantlari va to‘lov-kontrakt asosida tashkil etiladi. Akademiyaning tergov faoliyati yo‘nalishi bo‘yicha bitiruvchilari vakolatli davlat organlariga xizmatga (harbiy xizmatga) qabul qilinganda faqat ofitserlar tarkibiga kiruvchi yoki darajali unvon berilishi ko‘zda tutilgan lavozimlarga tayinlanadi.
Shu bilan birga, davlat grantlari asosida o‘qishni tamomlagan Akademiya bakalavriatining bitiruvchilariga vakolatli davlat organlarida kamida 3 yil ishlab berish majburiyati yuklanadi.
“Akademiyaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan boshliq rahbarlik qiladi, uning maqomi, transport hamda tibbiy ta’minoti shartlari oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari rahbarlari bilan tenglashtiriladi”,- deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, tergov faoliyati yo‘nalishi bo‘yicha magistraturaga kunduzgi shaklda o‘qishga qabul qilingan vakolatli davlat organlari xodimlari, shuningdek, boshqa mutaxassisliklar bo‘yicha magistraturaning kunduzgi shakliga o‘qishga qabul qilingan prokuratura organlari xodimlarini o‘qitish bepul asosda amalga oshiriladi hamda ularning egallab turgan lavozimi va o‘rtacha oylik ish haqi o‘qish davri mobaynida saqlab qolinadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60205 | Инструменты