Huawei 2
O‘zbekistonda bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini nazorat qiluvchi “E-bozor” tizimi joriy etiladi

“Bozorlar va savdo komplekslarini zamonaviy yondashuvlar asosida tartibga keltirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Qaror loyihasida Soliq qo‘mitasi tomonidan bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini nazorat va monitoring qilish uchun “E-bozor” elektron avtomatlashtirilgan axborot tizimini joriy qilish mo‘ljallanmoqda. Bozorlar va savdo komplekslari ustav kapitalida mahalliy davlat hokimiyati organlarining ishtiroki majburiy ekani bilan bog‘liq talabni bekor qilgan holda ularni bosqichma-bosqich xususiylashtirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, davlat muassasasi va davlat ishtirokidagi korxonalarning bozorlar va savdo komplekslari ustav kapitalidagi aksiya paketlarini (ulushlarini) keyinchalik yaxlit paket sifatida ommaviy savdolar orqali sotish yoki samarali foydalanishni tashkil etish maqsadida mahalliy davlat hokimiyati organlariga o‘tkaziladi, bunda:

  • aksiya paketlarini (ulushlarini) mahalliy davlat hokimiyati organlariga o‘tkazish shartlari va mexanizmlari Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi;
  • tugatilgan davlat muassasasi va davlat ishtirokidagi korxonalarga tegishli aksiya paketlari (ulushlari) mahalliy davlat hokimiyati organlarining bir tomonlama topshiriqlariga asosan bitimlarni ro‘yxatga olish talabini qo‘llamagan holda va Qimmatli qog‘ozlarning markaziy depozitariysi tomonidan xizmat haqi undirilmasdan amalga oshiriladi;
  • bozorlar va savdo komplekslarining aksiya paketlari (ulushlari) mahalliy davlat hokimiyati organlariga o‘z vaqtida o‘tkazilishini taʼminlashni nazorat qilish Davlat aktivlarini boshqarish agentligi zimmasiga yuklanadi.

Quyidagilar tasdiqlanadi:

  • hududlarda joylashgan bozorlar va savdo komplekslarini zamonaviy yondashuvlar asosida tartibga keltirish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari boshchiligida bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini o‘rganish va takliflarni tayyorlash bo‘yicha tuziladigan ishchi guruh namunaviy tarkibi;
  • hududlarda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarida tashkil etiladigan yangi dehqon bozorlari, mavjud bozorlar va savdo komplekslari, shuningdek, ularning filiallari negizida tashkil etiladigan “eko-bozorlar” hamda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarida tashkil etiladigan yirik savdo-ko‘ngilochar markazlari ro‘yxatlari;
  • dastlabki bosqichda ustav kapitalidagi davlat aksiya paketlari (ulushlari) zamonaviy ko‘rinishga keltirish sharti bilan belgilangan tartibda sotiladigan 26 ta bozor va savdo kompleksi ro‘yxati.

Ishchi guruh tomonidan xatlov natijalariga ko‘ra, har bir bozorlar va savdo komplekslari kesimida ularning keyingi faoliyatini samarali tashkil etish, xususiylashtirish, shu jumladan, xususiy sektorga o‘tkazish shartlari va mexanizmlari, davlat-xususiy sheriklikka berish bo‘yicha asoslantirilgan takliflarni ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish ko‘zda tutilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga