Huawei 2
Yevropa Ittifoqi Rossiya aktivlaridan keladigan daromaddan foydalanish rejasini kelishib oldi

Yevropa Ittifoqi Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan tushgan mablag‘larni Ukrainaga harbiy yordamni moliyalashtirish uchun ishlatishga qaror qilishda yana bir qadam tashladi. 8-may, chorshanba kuni YeI mamlakatlari elchilari Bryusseldagi yig‘ilishda bir necha hafta davom etgan maslahatlashuvlar yakunlariga ko‘ra, tegishli reja bo‘yicha kelishib oldilar, deya ma’lum qildi Yevropa Ittifoqi Kengashidagi Belgiya raisligi.

Xabarda aytilishicha, Rossiya Federatsiyasining bloklangan aktivlaridan daromad olish bilan bog‘liq chora-tadbirlar bo‘yicha prinsipial kelishuvga erishilgan. Bu pul Rossiya harbiy hujumi nishoniga aylangan Ukrainani qayta tiklashni qo‘llab-quvvatlash hamda bu davlat mudofaasiga sarflanadi. Bundan tashqari, joriy yilning o‘zida bu miqdor 3 milliard yevrogacha yetishi mumkin.

Ushbu reja bo‘yicha muzokaralar, shu jumladan Avstriya va boshqa bir qator davlatlar qurol va o‘q-dorilarni to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazib berishda ishtirok etishdan bosh tortganligi sababli cho‘zildi. Bu davlatlar iltimosiga ko‘ra, Rossiya daromadining bir qismi boshqa turdagi yordamga yo‘naltirilishi haqida kelishuvga erishildi, deb xabar beradi dpa.

Yevrokomissiya ma’lumotlariga ko‘ra, YeI Rossiya Markaziy bankining umumiy qiymati 210 milliard yevroga yaqin aktivlarini muzlatib qo‘ygan. Belgiyada joylashgan Euroclear depozitariysi 2023 yilda bu puldan 4,4 milliard yevro foiz daromad olganini aytdi. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga