Huawei 1
O‘zbekiston, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari yagona energetika tizimi loyihasini muhokama qildi — Umid Mamadaminov

O‘zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy energetika tizimlarini birlashtirish tarafdori. Bu haqda energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov ma’lum qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 17-iyun kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo — Xitoy” ikkinchi sammitida energetika tizimlarini o‘zaro bog‘lash, jumladan, yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyasini qurish megaloyihasini amalga oshirish masalalarini diqqat bilan o‘rganishni taklif qilgan edi.

“Bu sammitda eng asosiy masalalardan biri — infratuzilma va energetika sohasi ko‘tarildi. Davlatimiz rahbari Xitoy bilan Markaziy Osiyo davlatlarini bog‘lovchi [energetik] yo‘lak yaratish bo‘yicha alohida masalani ko‘tardi. Bu biz uchun ham, Xitoy uchun ham juda muhim masala”, — dedi Umid Mamadaminov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston hududi orqali Xitoyga transchegaraviy yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini qurish bo‘yicha O‘zbekiston o‘z hisob-kitoblarni boshlagan. Avvalroq respublika Ozarbayjon orqali Yevropaga yo‘naltirilgan xuddi shunday “yashil” energiya yo‘lagi loyihasini ishga tushirgan edi.

Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo va Xitoy energetika tizimlarini bir-biriga infratuzilmaviy bog‘lash muhimligini ta’kidlagan.

“Bu juda katta loyiha. Markaziy Osiyo mamlakatlarida ishlab chiqariladigan elektr energiyasi Xitoyda ortib borayotgan ist’emolning bir qismini qondirishi mumkin”, — dedi Mamadaminov.

U shuningdek, mavsumiy o‘zgarishlarga qarab ikki tomonlama energiya almashinuviga ishora qildi: “Bizga qish vaqtlari ba’zan gaz yetmaganida, Xitoydan ortgan paytda import qilishimiz mumkin”.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 62002 | Инструменты