29 dekabr kuni Balx viloyatining Hayraton shahrida O‘zbekiston rahbariyati nomidan Afg‘oniston xalqiga navbatdagi gumanitar yordamni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Umumiy og‘irligi qariyb 390 tonnani tashkil etgan gumanitar yuk Termez Cargo Centre maydonchasida shakllantirilib, oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmonlar hamda tibbiy uskunalardan iborat ekani maʼlum qilindi.
Gumanitar yuk tarkibi bilan tanishish jarayonida Balx viloyati hokimi M.Vafo Afg‘oniston xalqiga ko‘rsatilayotgan doimiy yordam uchun O‘zbekiston prezidentiga minnatdorlik bildirdi. Uning taʼkidlashicha, mazkur ko‘mak O‘zbekiston rahbariyatining afg‘on xalqini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan izchil saʼy-harakatlarining ifodasidir.
Qayd etilishicha, ushbu aksiya 2025 yil davomida Afg‘oniston xalqiga yo‘naltirilgan to‘rtinchi gumanitar yordam hisoblanadi.
Shuningdek, Balx viloyati hokimi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish borasida O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga eʼtibor qaratdi. Natijada so‘nggi yillarda afg‘on mahsulotlari eksporti hajmlari sezilarli oshgani, mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy sharoit va aholi farovonligi yaxshilanayotgani qayd etildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 123014 | Инструменты