Huawei 1
O‘smirlik davrida qanday sport turi bilan shug‘ullanish tavsiya etiladi?

O‘smirlik davrida qanday sport turi bilan shug‘ullanish tavsiya etiladi? Ushbu savolga Sog‘liqni saqlash vazirligi bo‘lim boshlig‘i Barno Odilova javob berdi.

— O‘smirlik davrida bolalarga asab tizimidagi qo‘zg‘alishlar ko‘pincha salbiy taʼsir eta boshlaydi, — deydi mutaxassis. — Shu bois bu davrda ularni sokin sport turlariga jalb qilish kerak. Xususan, 12-18 yoshli qizlarga aerobika, o‘g‘il bolalarga yengil atletika bilan shug‘ullanish tavsiya etiladi.

Bu o‘smirga ichki xotirjamlik bag‘ishlab, “o‘tish davri”ni yengillashtiradi. Asab tizimida ro‘y beradigan stresslarga chidamlilikni oshiradi, ortiqcha hissiyotlarga berilmaslikka o‘rgatadi.

Bo‘yi o‘smayotgan bolalarga birinchi galda ko‘p miqdorda mikroelement va vitaminlarga boy ovqat isteʼmol qilish, qolaversa, suzish, turnikda tortilish, yugurish, futbol bilan muntazam shug‘ullanish maqsadgamuvofiq. Ayniqsa, haftada ikki marotaba ilik sho‘rva isteʼmol qilish uning mushaklari rivojlanishi, suyaklari mustahkam bo‘lishi va bo‘y o‘sishiga ijobiy taʼsir etadi.

Ota-ona farzandini biror sport to‘garagiga bermagan taqdirda ham uning sog‘lom voyaga yetishi uchun har kungi badantarbiya mashg‘ulotlarini to‘xtatmasligini nazorat qilishi lozim. Tonggi mashqlar yosh organizmni chiniqtirib, qon aylanishini yaxshilaydi, kayfiyatni ko‘tarib, kun davomida tetiklikni taʼminlaydi.

Qaysi sport turi bo‘lmasin, bolani 5-6 yoshidan jalb etish — to‘g‘ri qaror. Masalan, shaxmat va shashka mashg‘ulotlarini ham shu yoshdan boshlagan maʼqul. Sababi, bu yoshgacha aksariyat bolalarda bir joyda o‘tirolmaslik, asab tizimining qo‘zg‘aluvchanligi yuqori bo‘ladi.

7 yoshdan keyin esa unda diqqatni jamlash qobiliyati ortadi, bir joyda muqim o‘tiradi. Shunga qaramay, bolani aqliy sport o‘yinlariga berishdan oldin uning xotirasini hisobga olish kerak.

Boksga 6 yoshdan qabul qilinadi. Sababi, ayni shu davrda bolaning suyak va mushaklari hali qotib ulgurmagan bo‘lib, boks harakatlarini osonlik bilan bajaradi. Bu yoshgacha va undan keyin boks mashg‘ulotlariga kirishish va ushbu sport turida biror natijaga erishish qiyinroq kechadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga