Avvalroq “Magic City”da suitsid sahnasi namoyish etilgani haqida xabar qilgan edik. Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani prokuratura organlariga murojaat qildi.
Bolalar ombudsmanining tegishli qonunlarga tayanib yozishicha, “bolalarni ularning hayotiga va sog‘lig‘iga xavf soladigan xatti-harakatlarni sodir etishga, shu jumladan o‘z sog‘lig‘iga zarar yetkazishga, o‘z joniga qasd qilishga va shunday harakatlarni targ‘ib qilishga undaydigan” axborot mahsuloti bolalar o‘rtasida tarqatilishi taqiqlangan axborot hisoblanadi.
“Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 19-moddasiga ko‘ra, bolalarning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan bolalarni himoya qilishni ta’minlashning ma’muriy va tashkiliy chora-tadbirlarini, dasturiy-apparat va texnika vositalarini qo‘llamay turib, ushbu axborotning jamoat joylarida aylanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
“Bolalarning o‘z yosh toifasiga mos kelmaydigan axborot mahsuloti namoyish etiladigan tomoshabop tadbirlarni tashkil etishda va o‘tkazishda ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi”, deyiladi Bolalar ombudsmani bayonotida.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 29 iyuldagi 205-son qarori bilan tasdiqlangan ommaviy tadbirlarni o‘tkazish qoidalarining 59-bandiga muvofiq ommaviy tadbirni o‘tkazish vaqtida tadbir ishtirokchilariga jamoat xavfsizligi, odamlarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘diruvchi, ommaviy tadbirni tashkil qilish va o‘tkazishning belgilangan tartibini buzuvchi yoki bunday xatti harakatlarni sodir qilishga undovchi harakatlarni bajarish taqiqlanadi.
Qayd etish joizki, “Bola huquqlari kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuning 4-moddasiga binoan, bolaning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish bola huquqlarini himoya qilish bo‘yicha davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri deb belgilangan.
Bildirilishicha, qonunchilikda keltirilgan ushbu mezonlarni inobatga olib, Bolalar ombudsmani mazkur holat yuzasidan “Magic City” direksiyasi tomonidan rasmiy munosabat yoki tushuntirish berilishini so‘ragan.
“Bolalar ombudsmani mazkur holatda qonunbuzilish yoki huquqbuzarlik mavjud yoki mavjud emasligini o‘rganish, aniqlangan vaziyatga qonuniy chora ko‘rishni so‘rab prokuratura organlariga murojaat qildi”, deyiladi xabarda.
Qo‘shimcha qilinishicha, bolalar ombudsmani holat yuzasidan o‘z kuzatuvini davom ettiradi, bu borada qo‘shimcha axborot beriladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60312 | Инструменты