Ijtimoiy tarmoqlarda “Magic City” bog‘ida namoyish etilgan teatrlashtirilgan tomosha videolavhasi tarqaldi. Tomoshada o‘z joniga qasd qilish sahnasi ko‘rsatilgan.
Videoda ko‘rinishicha, rol ijro etuvchilardan biri baland ustunga bo‘ynidan ip bilan bog‘langan holda osilib turgan. U bu orqali o‘z joniga qasd qilish holatini ko‘rsatib bergan. Tomoshada ko‘plab odamlar, xususan, yosh bolalar ham bo‘lgan.
“Magic City” bog‘i rasmiy saytida bu qanday teatr va tomosha ekani haqida biror ma’lumot yo‘q.
Toshkent shahar hokimligi matbuot kotibi Gulnoza Qosimova ijtimoiy tarmoqda tarqalgan videodan xabari borligini, “Magic City” xususiy hudud ekanini, muhokamalarga sabab bo‘layotgan sahna ko‘rinishi shahar, Chilonzor tuman hokimligi yoki shahar madaniyat boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etilmaganini hamda ular oldindan xabardor qilinmaganini bildirdi.
“Bu tadbir biz bilan kelishilmagan, holat bo‘lib o‘tgandan so‘nggina biz xabardor bo‘ldik”, deydi matbuot kotibi.
O‘zbekistonda shafqatsizlikni targ‘ib qilganlik uchun javobgarlik bor. Xususan, MJtKning 189-1-moddasida tazyiqni, zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish taqiqlanishi belgilangan. Bunday huquqbuzarlik fuqarolarga BHMning 50 baravaridan 400 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 100 baravaridan 450 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
MJtKning 248-1-moddasiga ko‘ra, bu kabi huquqbuzarlik ishlarini ko‘rib chiqish O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlariga taalluqli. Milliy gvardiya matbuot kotibi Kun.uz’ga tomosha hech kim bilan kelishilmagani uchun holat tegishli tashkilotlar bilan birgalikda o‘rganilayotganini, qo‘shimcha ma’lumot berilishini bildirdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60102 | Инструменты