Maʼnaviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimi joriy etiladi

“Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–308-son, 20.10.2025-y.) qabul qilindi.

Davlat tilini yanada rivojlantirishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:

- mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan to‘liq va samarali foydalanishga erishish;

- davlat tilining sofligini saqlash va uning lug‘at boyligini muntazam oshirib borish;

- davlat tilining xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzini oshirish, xorijiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish.

2026 yil 1 yanvardan boshlab respublika darajasidagi davlat organlari va xo‘jalik birlashmalarining markaziy apparatlarida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimliklarida boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy cheklangan soni doirasida rahbarning maʼnaviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etiladi.

2026 yildan boshlab:

- taʼlim qardosh tillarda olib boriladigan umumiy o‘rta taʼlim tashkilotlari uchun o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha darsliklarning davriyligi asosida yangi avlodi yaratiladi;

- maktabgacha taʼlim tashkilotlarida o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha pedagoglar uchun o‘quv qo‘llanmalari ishlab chiqiladi;

- maktabgacha taʼlim yoshidagi bolalar uchun “Mening ilk izohli lug‘atcham” rasmli lug‘at kitobi yaratiladi;

- bolalarga o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha zamonaviy animatsion video va audio mahsulotlar ishlab chiqilishi tashkil etiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102122 | Инструменты