Imom Buxoriy maqbarasi hozirgi koʻrinishi saqlangan holda rekonstruksiya qilinadi
Davlat rahbari Imom Buxoriy ziyoratgohida olib borilishi rejalashtirilgan ishlar bo'yicha mutasaddilarga zarur topshiriqlar bergan edi. 13-fevral kuni ushbu majmuada Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi, mutasaddi vazirlik va idoralar masʼullari, Samarqand viloyati jamoatchiligi vakillari va oqsoqollar ishtirokida loyihani amalga oshirish oldidan tadbir oʻtkazildi. Unda jamoa bilan Qurʼon tilovat qilinib, qurbonlik amalga oshirildi. Loyiha yuzasidan jamoatchilikka batafsil maʼlumot berildi. Majmuadagi qurilish-obodonlashtirish ishlari jarayonida Imom Buxoriy maqbarasi hozirgi koʻrinishi saqlangan holda rekonstruksiya qilinadi. Shu paytgacha maqbara ostidagi qabrni ziyorat qilish uchun yetarli sharoit mavjud emas edi. Yangi loyihada qabr atrofini kengaytirib ziyoratchilar uchun har tomonlama qulaylik yaratish koʻzda tutilgan.
Bundan tashqari, sakkiz ming oʻrinli muhtasham masjid quriladi. Majmua atrofida toʻrtta ulkan minora qad rostlaydi. Xalqimizga xos turmush tarzidan kelib chiqib, hozirgi ayvonlarga qoʻshimcha ravishda ichki va tashqi ayvonlar barpo etiladi.
Mahalliy va xorijlik ziyoratchilarga qulaylik yaratish maqsadida zamonaviy mehmonxonalar, xalqaro andozalarga toʻla mos keladigan maishiy xizmat va sanitariya-gigiyena shoxobchalari quriladi.
Yana bir eʼtiborli tomoni, majmuada qurilish-bunyodkorlik ishlari jarayonida bu yerdagi tarixiy buloq va bir necha yuz yillik chinor daraxtlariga ziyon yetkazilmaydi. Ularni asrab-avaylash, oʻz holida saqlash uchun barcha zarur choralar koʻriladi.
Eslatib o'tamiz, majmuada amalga oshiriladigan qurilish-bunyodkorlik ishlari maxsus tashkil etilgan jamgʻarma mablagʻlari hisobidan tashkil etiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 80212 | Инструменты