Huawei 1
Hududlarda aholiga elektron xizmatlar ko‘rsatish sifati oshiriladi

“Respublikaning hudud, soha va tarmoqlarida raqamli texnologiyalar joriy etilishini yana-da jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–286-son, 16.09.2025 y.) qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, “Raqamli hukumat” dasturi doirasida 41 ta ustuvor loyihani ishga tushirish, elektron davlat xizmatlari ulushini 70 foizga yetkazish tizimni 2025–2026 yillarda rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.

2025 yil 1 noyabrdan mobil aloqa operatorlari, tijorat banklari, to‘lov tashkilotlariga mobil ilovalar orqali YAIDXP (Yagona portal)dagi pulli elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.

 2025 yil 1 dekabrdan nodavlat notijorat tashkilotlariga “Raqamli hukumat” tizimining Idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali belgilangan tartibda elektron idoralararo hamkorlikni amalga oshirishga ruxsat beriladi.

2026 yil 1 yanvardan fuqarolarning ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha murojaati, mahallalardagi oilalar va aholi maʼlumotlarini yuritish hamda mahallalarda aholi bilan ishlash jarayonlari “Raqamli mahalla” platformasi orqali amalga oshiriladi.

Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 maydan nogironlikni belgilash bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishda fuqarolarga tibbiyot muassasalariga imtiyozli davolanish uchun beriladigan yo‘llanmani shakllantirish va elektron navbatga qo‘yish kompozit shaklda amalga oshiriladi.

Shuningdek, 2026 yil yakunigacha tibbiy ko‘rik jarayonida shifokor nutqini avtomatik bayonlashtiruvchi ovozli yordamchi hamda bemorlarga tashxis qo‘yishda ko‘maklashuvchi sunʼiy intellektga asoslangan “Shifokorning raqamli yordamchisi” dasturi ishga tushiriladi.

2025 yil 1 noyabrdan davlat oliy taʼlim muassasalari talabalariga oylik ijara to‘lovining bir qismini qaytarish bo‘yicha Yagona portal orqali murojaat qilish imkoniyati yaratiladi.

2026 yil 1 yanvardan o‘rta maxsus, kasbiy va oliy taʼlim tashkilotlarida taʼlim jarayoni bilan bog‘liq davlat xizmatlari Yagona portal orqali ko‘rsatiladi.

2025 yil 1 noyabrdan transportga gaz baloni o‘rnatilganligiga oid maʼlumotlarni elektron shaklda yuritish orqali transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasini qayta rasmiylashtirish tartibi bekor qilinadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91713 | Инструменты