Huawei 2
Hokimliklar “Mehr daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan elektromobil xarid qilinganini rad etdi

Avvalroq OAVda bir qator hokimliklar yetim va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan “Mehr daftari” jamg‘armasidan elektromobillar xarid qilganligi to‘g‘risidagi xabar tarqatilgan edi. Qashqadaryo va Buxoro viloyati hokimliklari bu ma’lumotni rad etib, texnik xatolik yuz berganini ma'lum qildi.

Joriy yilning mart oyida Qashqadaryo viloyati hokimligining “Mehr daftari” jamg‘armasidan to‘rtta yangi BYD Song Plus elektromobilini xarid qilish bo‘yicha 1 milliard 780 million so‘mlik shartnomaci davlat xaridlari portalida e’lon qilingan edi.

“Viloyat hokimligi tomonidan xarid qilingan avtomashinalar 2024 yil boshidagi erkin qoldiq mablag‘lari hisobidan xarid qilingan. Ya’ni, avtomobillar xaridi uchun "Mehr daftari" jamg‘armasidan mablag‘ o‘tkazilmagan. Hozirda serverda nega "Mehr daftari" jamg‘armasi ko‘rsatilayotgani sabablari o‘rganilmoqda”, — deyiladi Qashqadaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati xabarida.

Buxoro viloyati hokimligining tushuntirishicha, Buxoro viloyati hokimining 2023 yil 14 dekabrdagi farmoyishiga asosan viloyat mahalliy byudjetining zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 1 dona BYD Song Plus Champion rusumli elektromobil xarid qilish bo‘yicha davlat xaridlari elektron portali orqali g‘olib “CHINA GROUP” MCHJ bilan 412 mln so‘mga shartnoma imzolanib, avtomashina xarid qilingan. 

Ya’ni ushbu xarid belgilangan tartibda “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonun talablari asosida amalga oshirilgan va bunda “Mehr daftari jamg‘armasi” mablag‘laridan foydalanilmagan.

"Biroq хarid.mf.uz elektron portalida viloyat hokimligining STIR raqami (201512528) orqali qidiruvga berilganda mazkur identifikatsiya raqami “Mehr daftari jamg‘armasi” nomi ostida joylashtirilganligi ma’lum bo‘lmoqda. Bu esa elektron portalda texnik xatoliklar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Portalda tanlov asosida viloyatdagi qator shahar-tumanlarning ham identifikatsiya raqamlari orqali qidiruv berilganda ularda ham shu kabi kamchiliklar aniqlandi", - deyiladi Buxoro viloyati hokimligi xabarida.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga