Huawei 1
"Milliy bog‘lar xuddi erkinlik kabi qadrlanishi, himoya qilinishi kerak" – AQSh elchisi Jonatan Henik

Amerikalik diplomat elchixonada AQSh mustaqilligining 248 yilligiga bag‘ishlangan tadbirda nutq so‘zladi. Unda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov ham ishtirok etdi.

AQSh elchixonasidagi bu yilgi tadbir Amerika milliy bog‘lariga bag‘ishlandi. 

"Bugungi tadbirimiz bizga sevimli bo‘lgan AQSh milliy bog‘lari mavzusiga bag‘ishlanib, ularning birinchisi bundan 150 yildan ortiq avval tashkil etilgan. Har yili 330 milliondan ortiq amerikalik va chet ellik sayyoh Yosemite, Yyellouston, Grand Kanyon va boshqa ko‘plab bog‘larimizda muhofaza etiladigan ajoyib tabiat go‘zalligidan bahramand bo‘lishadi. Darhaqiqat, yoz oylarida oila bilan mashinada milliy bog‘larni ziyorat qilish maqsadida safarga otlanishdan ham ortiqroq amerikacha an’ana mavjud emas", dedi elchi. 

Jonatan Henik "oddiy, ammo inqilobiy g‘oya bo‘lmaganda", ushbu bog‘lar bugungi kunda yo‘qolib ketgan bo‘lishini ta’kidladi. 

"Bu g‘oyaga ko‘ra, ushbu hayratomuz manzalaralar imtiyozlarga ega ozchilik uchun emas, balki hamma uchun birday tegishli bo‘lgan xazinadir. Prezident Franklin Ruzvelt bu g‘oyaga mana bunday ajoyib ta’rif bergandi: "Bizning milliy bog‘larimizdan ham ortiqroq amerikacha hech narsa yo‘q… Milliy bog‘lar ortidagi asosiy g‘oya shuki, mamlakat xalqqa tegishlidir", dedi diplomat. 

Henik so‘zlariga ko‘ra, bu bog‘larni barpo etish oson bo‘lmagan. Ekologlar va tabiatni muhofaza qiluvchilar yog‘och, tog‘-kon sanoati, energetika va boshqa manfaatlar borasida bahslashgan va oxir-oqibat g‘alaba qozongan.  

"Natijada, bizning milliy bog‘larimiz ko‘pincha Amerikaning «eng yaxshi g‘oyasi» deya ta’riflanadi va yer ham xuddi erkinlik kabi qadrlanishi, himoya qilinishi hamda hamma uchun ochiq bo‘lishi kerak degan fikrni ilgari suradi. Bu go‘zal qo‘riqxonalar nafaqat tabiat mo‘jizalarimizni saqlab qoladi, balki ular demokratiyaning ham o‘ziga xos ramzi sanaladi", dedi elchi. 

Henikning ta’kidlashicha, xuddi shunday jarayon hozir O‘zbekistonda ham kuzatilmoqda, o‘zbekistonliklar bog‘larni ko‘paytirish hamda, nafas olinayotgan havo va ichimlik suvini muhofaza qilishni targ‘ib etmoqda. 

"Iqtisodiy o‘sish va tabiatni asrashga bo‘lgan ehtiyojni muvozanatlash oson ish emas. Bunda nafaqat hukumat, balki fuqarolik jamiyati, ommaviy axborot vositalari va vatandoshlar ham faol ishtirok etishi zarur. Gap O‘zbekiston haqida bo‘ladimi yoki Qo‘shma Shtatlar haqida bo‘ladimi, xalqlarimiz o‘z huquqlarini himoya qilish va tegishli siyosatni ishlab chiqishda ishtirok etish erkinligiga ega bo‘lsalar, mamlakatlarimiz yanada kuchliroq va atrof-muhitimiz yanada xavfsizroq bo‘lishi aniq", dedi elchi. 

Henik so‘zining oxirida Ukraina, Isroil va G‘azodagi begunoh erkaklar, ayollar va bolalarga nisbatan qo‘llanilayotgan terrorizm va zo‘ravonlikka chek qo‘yilishi zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, "demokratiya kabi parvarish etilishi, himoya qilinishi va asrab-avaylanishi kerak bo‘lgan" bog‘lardan ilhom olishda davom etishga chaqirdi. 

"Keling, birgalikda ushbu tabiiy manzaralardan bahramand bo‘laylik hamda Amerika Qo‘shma Shtatlari va O‘zbekiston o‘rtasidagi mustahkam munosabatlarga asos bo‘lgan va xalqlarimizni porloq kelajak sari yo‘naltiruvchi umumiy majburiyatlarni esga olaylik", - dedi elchi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga