Huawei 1
"Hech kimning sizni pora evaziga oliygohga kiritishga haqqi yo‘q!" -  Oliy taʼlim vaziri pul bilan o'qishga kiritib qo'yish haqida

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov taʼlim sohasidagi korrupsiya bilan bog‘liq holatlarga nisbatan murosasiz munosabat bildirib, o‘qituvchi va xodimlarni jinoyat emas, bilim va tarbiya orqali jamiyatga xizmat qilishga chaqirdi.

"Joriy yilning iyul oyida Toshkent va Farg‘ona hududlarida ayrim fuqarolar, jumladan, ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar tomonidan abituriyentlarni oliy ta’lim muassasasiga noqonuniy, pora evaziga kiritib qo‘yishga urinish holatlari aniqlanib, ular huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olindi.

Mazkur holatlar mutlaqo kechirilmas va keskin qoralovga loyiq harakatlar bo‘lib, bunday noqonuniy urinishlar butun oliy ta’lim tizimiga dog‘ tushiradi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash tarafdori bo‘lib, ta’lim sohasida bunday jirkanch holatlarga mutlaqo toqat qilmaydi. Ayniqsa, bunday holatlar davlatimiz rahbari tomonidan ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan halollik va adolat tamoyillariga zid bo‘lib, jamiyatda ishonchsizlikni yuzaga keltirish xavfini tug‘diradi.

Hurmatli o‘qituvchilar va soha vakillari!

Biz sizlardan bilim va tarbiya berish orqali jamiyatga xizmat qilishni kutamiz, jinoyat sodir etishni emas. Har bir pedagog bu muqaddas kasb ortida yurt kelajagi, inson taqdiri turganini chuqur his qilishi kerak.

Oliy ta’lim tizimidagi har bir rahbar va xodim korrupsiyaga qarshi shaxsiy mas’uliyat bilan yondashishi, bu borada faqat qonun doirasida faoliyat yuritishi shart.

Barcha abituriyentlarga shuni qat’iy bildiraman: hech kimning sizni pora evaziga oliygohga kiritishga haqqi yo‘q! Siz faqat o‘z bilimingiz orqali adolatli tanlov asosida talaba bo‘lishingiz mumkin.

Vazirlik barcha ta’lim muassasalarida ochiqlik, shaffoflik va adolatli raqobat muhitini mustahkamlash, bu kabi holatlarga barham berish yo‘lida ish olib boradi.

Huquqbuzarlikka qo‘l urgan shaxslar qonun oldida javob beradi va ularga muqarrar jazo qo‘llaniladi", deya ta'kidladi vazir.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 71518 | Инструменты