Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi Uzcosmos O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda Ekologiya, atrof – muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan hamkorlikda mamlakatimizdagi barcha yerdan foydalanuvchilarni maxsus murojaat orqali ogohlantiradi.
Har yili Respublika hududidagi boshoqli don ekinlaridan bo‘shagan yer maydonlarida, somon poyalari va ularning qoldiqlarini noqonuniy yoqib yuborish bilan bog‘liq minglab salbiy holatlar aniqlanmoqda. Bu esa minglab gektar serhosil maydonlarning unumdorligi pasayib, tuproq strukturasining buzilishi, yerlardagi foydali makro va mikroelementlarning yo‘q bo‘lib ketishi, ekin hududlarining ball boniteti keskin tushishi kabi ayanchli oqibatlarga olib kelmoqda.
Tasavvur qilib ko‘ring, 1 gektar yer maydonida boshoqli don poyasi yoqilganida, 500 gramm azot oksidi, 379 gramm ulgevodorod, 3 kg kul, 20 kg is gazi va uglerod oksidi gazi atmosferaga tarqaladi. Bu toza havoning ifloslanishi bilan birga inson organizmida sil va saraton kasalliklarini keltirib chiqarishi bilan xavflidir.
Hurmatli yerdan foydalanuvchilar!
Barchangizdan shu kabi noqonuniy holatlarga yo‘l qo‘ymaslikni so‘rab qolamiz va qat’iy talab qilamiz.
Mazkur huquqbuzarlik uchun O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 88-moddasi 3-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobarigacha jarimalar qo‘llanilishi hamda yong‘in sodir bo‘lgan g‘alla ekin maydonlarning har bir gektariga yetkazilgan zarar bo‘yicha amaldagi tartib asosida iqtisodiy choralar ko‘rilishi, bunda zarar miqdori katta bo‘lsa hattoki jinoiy javogarlikkacha olib borishi mumkin.
Qolaversa, bu kabi holatlar Yer kodeksining 40 va 79-moddasi, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonunning 17-moddasida ko‘rsatib o‘tilganidek, fermer xo‘jaligiga ajratilgan yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilishda ekologik talablar va atrof-muhitni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilish majburiyatlari bajarilmaganini ifodalaydi.
Shu o‘rinda qo‘shtirnoq ichidagi uddaburon fermer va tadbirkorlarga eslatib o‘tmoqchimiz. Respubilika miqyosida somon poyalari va ularning qoldiqlarini noqonuniy yoqish bilan bog‘liq holatlar bevosita Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi “O‘zbekkosmos” tomonidan sun’iy yo‘ldosh suratlari orqali kunlik monitoring qilib boriladi. Ma’lumotlar esa huquq tartibot organlariga o‘z vaqtida taqdim etiladi.
Ogoh bo‘ling, mamlakatimizning eng qimmatli resurslaridan bo‘lgan qishloq xo‘jaligi ekin yerlariga har qanday turdagi zarar yetkazishdan saqlaning. Barcha jarayonlar nazorat ostida.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60623 | Инструменты