Sport vazirligi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi hamda Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi hamkorlikda Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz uch yillik bayrami arafasida aholining jismoniy faollik darajasini baholash maqsadida sport sinovlari qabul qilinadi.
Bunda dastlab, 208 ta tuman va shahardagi tegishli 624 nafar masʼul xodim uchun avgust oyida 3 kunlik oʻquv-seminarlar tashkil etiladi, kaskad uslubida 9 ming 452 ta mahallada targʻibot ishlari amalga oshiriladi.
Shuningdek, aholiga qulaylik yaratish maqsadida har bir mahalla kesimida sport sinovlarini qabul qilish boʻyicha aniq lokatsiyalar belgilanadi. Ixtiyoriy va maxsus talablarni bajarish tartibi, qoidalari hamda texnikasiga oid maʼlumotlar toʻgʻrisida qoʻllanmalar ishlab chiqilib, joylarga yetkazib beriladi.
Shaxsiy namuna boʻlib, mahalla raislari va xotin-qizlar faollari sport sinovlarini topshiradi. Keyinchalik bu tashabbusni mahalla aholisi va keng jamoatchilik vakillari qoʻllab-quvvatlab, davom ettirishi kutilmoqda.
Aholidan sport sinovlarini qabul qilish jarayonlarini tashkil etish va oʻtkazish yuzasidan Respublika shtabi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Qayd etilishicha, sport sinovlarining maqsadi aholining barcha qatlamlari oʻrtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish orqali ularning jismoniy qobiliyati va harakat faolligini takomillashtirish, mehnatga layoqatini oshirish, zararli odatlar hamda turli kasalliklarning oldini olish va sogʻlom turmush tarzi koʻnikmalarini shakllantirishdan iborat. Sport sinovlari – ixtiyoriy va maxsus talablardan iborat boʻlib, erkaklar va ayollar uchun alohida hamda yosh guruhlari boʻyicha yiliga bir marta yanvar-dekabr oylarida oʻtkaziladi.
Sport sinovlarining ixtiyoriy talabini topshirganlar (faxriy yorliqlar va esdalik sovgʻalari bilan), maxsus talablarni bajarganlar I, II va III darajali “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” koʻkrak nishonlari va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanadi. Shuningdek, bir yil mobaynida belgilangan imtiyozlardan foydalanishi mumkin.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11318 | Инструменты