Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan respublikaning yashillik darajasini yanada oshirish, o‘rmonlarni ko‘paytirish borasida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Bu boradagi samaradorlikni oshirish maqsadida vazirlik huzuridagi O‘rmon agentligi faoliyati yanada takomillashtirilmoqda.
Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-maydagi “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hamda o‘rmonlarni boshqarish tizimida islohotlarni izchil davom ettirish, yashil hududlarni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 90-son Farmoniga muvofiq, O‘rmon xo‘jaligi agentligi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya vazirligi huzuridagi O‘rmon barpo etish va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi (O‘rmon agentligi) etib qayta tashkil etildi.
Farmonga ko‘ra, O‘rmon agentligi zimmasiga qo‘shimcha vazifalar yuklatildi. Ya’ni “Yashil makon” umummilliy loyihasi tadbirlarini tashkil etish va ijrosini ta’minlash, cho‘llanishga qarshi kurashish va yer degradatsiyasining oldini olish agentlik faoliyatining ustuvor vazifalari qatoriga kiritildi.
Ta'kidlash joizki, Agentlik tomonidan 2025-yilda yashillik darajasini oshirish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, 130 ming gektar hududda o‘rmon barpo etildi (yil oxirigacha yana 123 ming gektarda o‘rmonlar yaratiladi). Barcha o‘rmon xo‘jaliklarida 123 mln dona ko‘chat yetishtirildi, shundan 30 mln donasi aholi va tashkilotlarga berildi. Shuningdek, 2,7 ming gektarda himoya o‘rmonzorlari barpo qilindi, 2,7 ming gektar degradatsiyaga uchragan yerlar tiklandi (bu raqam yil oxirigacha 7 mingga yetkaziladi), 5,9 ming gektarda dorivor o‘simliklar plantatsiyalari, 10 ming tonna mahsulot yetishtirildi, "in vitro" laboratoriyalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi va 20 ming gektar yer kam ta’minlangan oilalarga ijaraga berildi.
19–21-iyun kunlari o‘tkazilgan “Eco Expo Central Asia 2025” xalqaro ekologik texnologiyalar ko‘rgazmasida O‘rmon agentligi qator xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlik kelishuvlarini imzoladi. Mazkur kelishuvlar cho‘l mintaqalarda yashil hududlar yaratish, qum bo‘ronlariga qarshi texnologiyalarni qo‘llash, raqamli o‘rmon boshqaruvi platformalari hamda 150 ming gektarda o‘rmon massivlari yaratishni qamrab oladi.
Ma’lumot uchun, "Green University” huzurida Xitoy Fanlar akademiyasi Shinjon ekologiya va geografiya instituti filiali tashkil etildi. U yerda suvni tejovchi texnologiyalar asosida aholi punktlarini ko‘kalamzorlash, cho‘l va yaylov ekotizimlarini tiklash, sho‘r va quruq hududlarda gallofit va kserofit o‘simliklarni yetishtirishga qaratilgan laboratoriyalar faoliyat yuritadi.
Ayni damda xorijlik hamkorlar bilan birga 5 tumanda (Arnasoy, Nukus, Qorako‘l, Muborak, Karmoni) gallofit bog‘lar tashkil etilmoqda. Shuningdek, Shinjon instituti mutaxassislari tomonidan Qashqadaryo va Surxondaryoda yaylovlarni tiklash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilmoqda. Qolaversa, 142 mln dollarlik kredit va 11 mln dollarlik grant mablag‘lari hisobiga o‘rmon landshaftlarini tiklash loyihasi amalga oshirilmoqda. 2025-yilda 20 mln dollar o‘zlashtirildi.
“Yashil makon” tashabbusini yangi yondashuvlar asosida jadallashtirish, dorivor o‘simliklar xom-ashyosi va qayta ishlash tizimini rivojlantirishga qaratilgan Prezident farmonlari loyihalari ishlab chiqildi. Shu bilan birga, “O‘zbekkosmos” va boshqa hamkor tashkilotlar bilan o‘rmon fondi yerlarini inventarizatsiya qilish bo‘yicha monitoring amalga oshirilmoqda. Monitoring natijalariga ko‘ra, 1033 ta noqonuniy holat prokuraturaga yuborildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 70521 | Инструменты