2025 yilda xizmat vazifasini bajarish chog‘ida 6 nafar xodim vafot etdi, 131 nafari jarohatlandi

O‘zbekistonda 2025 yilda og‘ir turdagi jinoyatlar kamaydi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tildi.

Maʼlum qilinishicha, joriy yilning o‘tgan qismida respublikada qotillik, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, o‘g‘rilik, talonchilik, bosqinchilik, firibgarlik, bezorilik kabi jinoyatlar o‘tgan yilga nisbatan kamaygan. Nomusga tegish jinoyati esa 6 foizga oshgan.

So‘nggi 5 yilda respublika bo‘yicha 49 898 ta narkojinoyat aniqlanib, 10,5 tonnadan ortiq giyohvand moddalari olingan. Tahlil qilib ko‘rilganda, bu turdagi jinoyatlarning yildan yilga ko‘payish tendensiyasi kuzatilgan. Masalan, 2021-2024-yillarda sintetik giyohvand vositalarini qo‘lbola usulda ishlab chiqaruvchi 11 ta narkolaboratoriya aniqlangan bo‘lsa, joriy yilning 11 oyida 13 ta narkolaboratoriya fosh etilgan. So‘nggi 5 yilda noqonuniy muomaladan olingan sintetik giyohvand vositalari miqdori 20 baravarga, kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari 9 baravarga, geroin, opiy, gashish kabi og‘ir turdagi giyohvand vositalarining noqonuniy aylanmasi 3 baravarga oshgan.

Qayd etilishicha, so‘nggi 5 yilda respublika bo‘yicha 1 068 ta uyushgan guruh tarkibidagi 4 217 nafar shaxs tomonidan 5 358 ta jinoyat sodir etilgani aniqlanib, ularning faoliyatiga chek qo‘yilgan. Uyushgan guruhlarning 71 tasi davlatlararo, 240 tasi viloyatlararo hamda 344 tasi viloyat hududida hamda 413 tasi tuman miqyosida faoliyat yuritgan. Ularning 351 tasi mulkiy, 209 tasi iqtisodiy, 63 tasi jamoat tartibiga, 31 tasi shaxsning hayoti va sog‘lig‘iga qarshi, 23 tasi korrupsiyaviy, 22 tasi mansabdorlik, 21 tasi giyohvandlik, 15 tasi odam savdosi, 12 tasi terrorizm bilan shug‘ullanib kelgan.

2025 yilda ichki ishlar tizimida o‘z xizmat vazifasini ado etish chog‘ida 6 nafar xodim vafot etgan, 131 nafari jarohat olgan.

Matbuot anjumanida vazirlik tomonidan fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqishning yangi amaliyoti yo‘lga qo‘yilgani ham aytib o‘tildi.

Unga ko‘ra:

  • ichki ishlar organlari xodimlarining noo‘rin xatti-harakatlari norozilik mazmunida kelib tushgan har bir murojaat “favqulodda holat” deb hisoblanadi;

  • ichki ishlar organlari xodimlarining noo‘rin xatti-harakatlari bo‘yicha har qanday shaklda qilingan murojaat qatʼiy qoida tariqasida 10 daqiqa ichida tuman-shahar IIB boshlig‘ining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari hamda Shaxsiy xavfsizlik bo‘linmalariga yetkaziladi;

  • tuman-shahar IIB boshlig‘i o‘rinbosari hamda Shaxsiy xavfsizlik bo‘linmalari xodimlari dastlab murojaat muallifi bilan 10 daqiqa ichida telefon orqali bog‘lanadi, so‘ng joyiga chiqqan holda murojaatchi bilan shaxsan uchrashib, 3 soat ichida uning murojaatini o‘rganib, holatga aniqlik kiritadi;

  • shundan so‘ng o‘zining bevosita rahbariga axborot beradi hamda murojaatni ijobiy hal qilish chorasini ko‘radi;

  • xodimlar tomonidan qonunchilik va xizmat intizomini buzish holati aniqlangan taqdirda, 5 kun muddatda xizmat tekshiruvi o‘tkazib, aybdor xodimni ichki ishlar organlari xizmatidan bo‘shatishgacha bo‘lgan intizomiy taʼsir chorasi ko‘riladi;

  • qonunchilik va xizmat intizomi buzgan xodimning bevosita rahbari (yosh xodim bo‘lsa, unga biriktirilgan murabbiy ham) o‘z vaqtida nazorat qilmaganligi uchun uning xatti-harakatlariga ham baho berilib, intizomiy javobgarlik masalasi ko‘rib chiqiladi.

Qo‘shimcha qilinishicha, xodimlarning qonunchilik va xizmat intizomiga rioya qilishlari ustidan kunlik nazorat viloyat IIB boshlig‘ining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari hamda Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi rahbari zimmasiga yuklatilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122415 | Инструменты