Huawei 1
100 mingga yaqinlashgan ma’muriy qamoq, 5 barobar oshgan deportatsiya - O‘zbekistonda huquqbuzarliklar statistikasi

Oliy sud 2024 yil davomida birinchi instansiya sudlari tomonidan ma’muriy huquqbuzarliklarga doir ishlarining ko‘rilishi statistikasini ochiqladi.

Ma’lum bo‘lishicha, respublika bo‘ylab ma’muriy huquqbuzarliklarga doir ishlar soni oshib bormoqda.

Xususan, 2020 yilda O‘zbekistonda ma’muriy huquqbuzarliklarga doir 341 mingdan ortiq ish 426 ming kishi ishtirokida ko‘rilgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib sudlarda ko‘rilgan bu toifadagi ishlar soni 613 mingdan oshgan – qariyb ikki barobar. Bu sudlarda 740 994 kishi ishga jalb qilingan.

Hududlar miqyosida eng ko‘p ma’muriy huquqbuzarlik ishlari poytaxt Toshkent shahrida ko‘rilgan – 95 mingta ishda 113 mingdan ortiq shaxs qatnashgan. Keyingi o‘rinlarda mos ravishda Toshkent va Farg‘ona viloyatlari – 71 ming va 62 ming ish. Bu 3 ta hudud 2024 yilda ko‘rilgan jinoyat ishlari soni bo‘yicha ham top-uchlikni tashkil etadi.

Boz ustiga, bu hududlarda jinoiy va ma’muriy huquqbuzarlik ishlari soni so‘nggi 5 yilda ham eng yomon natijalarni ko‘rsatib kelmoqda. Hozircha bunga ushbu hududlarda aholi sonining ko‘proq ekanidan boshqa izoh yo‘q.

Eng kam ma’muriy huquqbuzarlik ishlari esa Sirdaryo, Jizzax va Navoiy viloyatlarida ko‘rib chiqilgan.

2021-2024 yillarda ko‘rilgan ma’muriy huquqbuzarlik ishlari tahliliga ko‘ra, shaxslar kesimida erkaklar qatorida ayollar soni ham ortib, 100 minglik chegarani kesib o‘tgan. Masalan, 2021 yilda 431 ming erkak va 96 ming nafar ayol ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan deb topilgan. 2024 yilda esa erkaklar 605 mingdan, ayollar soni 135 ming nafardan oshgan.

Oliy sud, shuningdek, yuqoridagi raqamlar ichida 18-30 yoshgacha bo‘lgan shaxslar kesimini ham alohida keltirgan. Unga ko‘ra, 2021 yilda 184 ming yoshlar ma’muriy huquqbuzarlikda ayblangan. 2024 yilda esa bu ko‘rsatkich 264 minggacha oshgan.

Oliy sud 6 ta turdagi keng tarqalgan ma’muriy huquqbuzarlik ishlari bo‘yicha raqamlarni keltirgan.

Haqorat qilish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar 2021 yilda eng ko‘p qayd etilgan – 59 128 kishi. 2024 yilga kelib bunday huquqbuzarliklar soni 51 mingtagacha kamaygan. O‘tgan yili haqorat qilish bilan bog‘liq ishlar eng ko‘p – Qashqadaryo, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida ko‘rilgan.

Yengil tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar soni ham yillar kesimida kamayib bormoqda – 37 mingdan 24 minggacha.

Huquq faollari va advokatlar tomonidan «navbatchi modda» sifatida nom qozongan «Mayda bezorilik» (MJtK 183-modda) huquqbuzarligi esa, yildan yilga oshib bormoqda.

Masalan, 2020 yilda 39 ming kishi bu modda bilan ayblangan bo‘lsa, 2024 yilda bu raqamlar 95 mingdan oshgan. 2024 yilda sodir etilgan mayda huquqbuzarliklarning 35 foizdan ortig‘i Toshkent viloyati va poytaxtga to‘g‘ri kelmoqda – 34 465 ta holat.

Transport vositasini mast holda boshqarish huquqbuzarligi ham yildan yilga oshib bormoqda.

2020 yilda 23 mingta holatda mast haydovchi sudga olib kelingan bo‘lsa, 2024 yilda 26 mingdan ortiq mast haydovchi ustidan sud jarayonlari bo‘lib o‘tgan. Eng ko‘p mast haydovchilar – Samarqand (4204), Xorazm (2768) va Qoraqalpog‘istonda (2669) aniqlangan. Eng kam holatlar esa Namangan (757) va Sirdaryo (562) viloyatlarida qayd etilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 43005 | Инструменты