Huawei 1
Prokuratura organlarining odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashish faoliyati kuchayadi

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda Fuqarolik protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeksi hamda Maʼmuriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun muhokama qilindi.

Muhokamalar avvalida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sudlarda ishlarni ko‘rishda prokurorning vakolatlarini taʼminlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyati yuzasidan maʼruza tinglandi.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda odil sudlovga erishish va sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlashga qaratilgan sud-huquq islohotlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Natijada fuqarolar va tadbirkorlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlari yana-da kuchaymoqda.

Qonun bilan sud ishlarini yuritishda taraflarning tortishuvi prinsipini, davlat manfaatlari samarali himoya qilinishini taʼminlash borasida sudlar tomonidan fuqarolik, iqtisodiy va maʼmuriy ishlarni ko‘rishda prokurorning ishtiroki, shuningdek, ishlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qabul qilingan sud hujjatlari ustidan shikoyat qilishga taalluqli protsessual normalar yana-da oydinlashishiga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilayotgani taʼkidlandi.

Ularga ko‘ra, davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida prokurorning yerga oid huquqiy munosabatlari, davlat mulki, davlatga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash va davlat byudjetidan undiruvlar bilan bog‘liq ishlarda ishtirok etish huquqi, shuningdek, davlat manfaatlarini himoya qilish uchun sudga ariza bilan murojaat qilish huquqi belgilanmoqda.

Natijada prokuratura organlarining odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashish borasidagi faoliyati samaradorligi yana-da oshiriladi. Bundan tashqari, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat hamda davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari to‘laqonli himoya qilinadi hamda sudlarda ishlarni muhokama qilishda qonuniylikni mustahkamlashga erishiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 21921 | Инструменты