Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasining yangi binosi va oʻquv-ilmiy faoliyati bilan tanishdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil 28-noyabrdagi “Jinoyatlarni tergov qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi Farmoni doirasida Bosh prokuratura Akademiyasi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etilgan edi.
Akademiya qisqa vaqt ichida tor ixtisoslashgan taʼlim muassasasidan prokuratura va tergov-surishtiruv organlari uchun kadrlarni yagona yondashuv asosida tayyorlaydigan, taʼlimning uzluksiz tizimiga ega boʻlgan, toʻlaqonli ixtisoslashtirilgan oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasasiga aylandi.
Akademiyaning professor-oʻqituvchilar va boshqaruv xodimlari tarkibi prokuratura, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, ilmiy va ekspertlik muassasalarida amaliy tajribaga ega malakali kadrlar bilan toʻldirildi.
Oʻtgan davrda Akademiyaga biriktirilgan hududdagi infratuzilma izchil kengaytirilib, besh qavatli maʼmuriy bino, zamonaviy oshxona, mehmonxona va talabalar uchun kovorking maydoni qaytadan barpo etildi hamda konferens-zal, kutubxona tubdan rekonstruksiya qilindi.
Bundan tashqari, 2 ta oʻquv korpusi va 2 ta yotoqxona binolari qayta taʼmirlanib, taʼlim oluvchilarni qamrab olish imkoniyati ikki baravarga oshirildi. Hozirda esa ochiq va yopiq sport majmualarining qurilishi davom etmoqda.
Nazariya va amaliyot uygʻunligini taʼminlash maqsadida kriminalistika poligonlari, sud protsessi imitatsiyasi uchun maxsus zallar, Gezell oynasi bilan jihozlangan soʻroq va tanib olish xonalari, kiberpoligon, “darknet” va sud-ekspertizasi laboratoriyalaridan iborat jami 12 ta maxsus xona barpo etildi.
Akademiyada oliy taʼlimning ikki bosqichli tizimi – bakalavriat va magistratura yoʻlga qoʻyilgan. 2023/24-oʻquv yilidan mamlakatimizda ilk marotaba “Turli tizim – yagona yondashuv” tamoyili asosida bakalavriatning “Tergov faoliyati” va “Prokurorlik faoliyati” taʼlim yoʻnalishlarida oʻquv jarayonlari tashkil etildi. Kiberjinoyatlarga qarshi kurashishga yoʻnaltirilgan “kiberprokuror” va “kibertergovchi”larni tayyorlash uchun kelgusi yildan boshlab “Kiberhuquq” bakalavriat yoʻnalishi tashkil etiladi.
Magistraturada “Tergov faoliyati”, “Prokurorlik faoliyati” shuningdek, milliy taʼlim tizimida yagona boʻlgan “Korrupsiyaga qarshi kurash faoliyati”, “Inson huquqlariga oid xalqaro huquq” mutaxassisligi boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. 2025/2026-oʻquv yilidan boshlab, “Kiberxavfsizlikni huquqiy taʼminlash” mutaxassisligi boʻyicha magistrlar tayyorlanadi.
Malaka oshirishning sifat jihatidan yangi tartibi joriy etilib, prokuratura va tergov organlari xodimlarining har uch yilda kamida bir marta uzluksiz malaka oshirish tizimi yoʻlga qoʻyilgan.
Prokuratura organlarining rahbar kadrlarini qayta tayyorlash, yangi qabul qilingan xodimlarning boshlangʻich ixtisoslashuvini taʼminlash, vakolatli organlar surishtiruvchi va tergovchilarini qayta tayyorlash boʻyicha yangi tizim yaratildi.
Masofaviy va aralash kurslar hamda xodimlarning ehtiyojlariga asoslangan taʼlimning elektiv modeli qoʻllanib kelinmoqda. Bu – har bir xodimga butun xizmat faoliyati davomida shaxsiy taʼlim trayektoriyasi boʻyicha oʻz malakasini uzluksiz oshirib borish imkonini yaratadi.
Portal orqali masofaviy va aralash kurslarni sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida joriy etish yoʻlga qoʻyildi. Bunda sunʼiy intellekt asosida yaratilgan virtual assistent va haqiqiy tergov amaliyotida uchraydigan muammoli vaziyatlarni aks ettirgan raqamli simulyatsiya videolari keng qoʻllanilmoqda.
Aholiga bepul huquqiy maslahat berish uchun yuridik klinika va maxsus elektron platforma faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Bu faoliyatga talabalar jalb etilib, tajribali mutaxassislar rahbarligida amaliy koʻnikmalarini shakllantirmoqda.
Bundan tashqari, Korrupsiyaga qarshi kurashish ilmiy-taʼlim markazi tashkil etilgan. Mazkur yoʻnalishda magistrlarni tayyorlash, shuningdek, ilmiy kengash faoliyatini ilmiy uslubiy jihatdan taʼminlash yoʻlga qoʻyildi.
Kiberjinoyatchilik va boshqa global tahdidlarga qarshi kurashish hamda bu borada malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida oʻtgan yilda Prezidentimizning tegishli qarorlari asosida Akademiya tarkibida Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi.
Ahamiyatlisi, zamonaviy kiberlaboratoriyada 439 ta murakkab raqamli tadqiqot va ekspertiza oʻtkazilib, 189 ta kiberjinoyat fosh etilgan.
Akademiyaning loyiha ofisida AQSH, Yaponiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Rossiya, Sloveniya va Shvetsiya kabi davlatlardan jalb qilingan ekspertlar hamkorligida 15 dan ortiq loyihalar amalga oshirilmoqda.
Akademiyada 10 ta ixtisoslik boʻyicha ilmiy darajalarini beruvchi kengash faoliyat olib boradi. Shundan “Korrupsiya muammolari” ixtisosligi boʻyicha ilmiy kengash mamlakatimizda yagona boʻlib hisoblanadi. Akademiyaning ilmiy salohiyati uch yil ichida 26 foizdan 67 foizga yetkazildi.
Prezidentimiz Akademiyaning sud protsessi imitatsiyasi uchun maxsus zallari, so‘roq va tanib olish hamda boshqa ixtisoslashtirilgan xonalari, axborot-resurs markazida yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan tanishdi, talabalar bilan muloqot qildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121620 | Инструменты