Joriy yilning 2-noyabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlis kun tartibiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a’zolari saylovi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlarining tegishli qo‘shma majlislarini chaqirish, Oliy Majlis Senati a’zolari sayloviga doir ayrim hujjatlarni tasdiqlash masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 76-moddasiga ko‘ra, Senat a’zolarining saylovi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, mahalliy Kengashlar deputatlari saylanganidan keyin bir oydan kechiktirmay o‘tkaziladi. Oliy Majlis Senati a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlarining tegishli qo‘shma majlisida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadi.
Markaziy saylov komissiyasining tegishli qaroriga binoan Oliy Majlis Senati a’zolari saylovi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar mahalliy Kengashlarining qo‘shma majlislari 2024-yilning 7-12-noyabr kunlari o‘tkazilishi belgilandi.
Majlis davomida Oliy Majlis Senati a’zolari saylovini o‘tkazish bilan bog‘liq ayrim hujjatlar namunalarini tasdiqlash masalasi ham ko‘rib chiqdi. Unga ko‘ra, Qo‘shma majlis Maslahat Kengashi bayoni, Sanoq komissiyasi bayoni, ovoz berishda ishtirok etuvchi deputatlar ro‘yxati, Senati a’zosi saylovi bo‘yicha saylov byulleteni hamda Qo‘shma majlis bayonnomasi namunalari tasdiqlandi.
Shuningdek, majlisda Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylov kampaniyasi davrida Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlar tahliliy ko‘rib chiqildi va tegishli qaror qabul qilindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120302 | Инструменты