Odil sudlov tizimi yanada takomillashadi
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq sohasidagi islohotlar bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi. O'zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo'yicha xarakatlar strategiyasida belgilab berilgan beshta ustuvor yo'nalishning ikkinchi yo'nalishida qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish, deb belgilab qo'yilgan.
O'tgan davr mobaynida sud tizimi faoliyati samaradorligini oshirish, sudyalarni tanlash va joy-joyiga qo'yish tartibini takomillashtirish, har bir ish bo'yicha qonuniy, asoslantirilgan va adolatli sud qarori chiqarilishini ta'minlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar olib borildi.
Xususan, 2020 yil 24 iyul kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida” gi Farmoni e'lon qilindi. Ushbu Farmon O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan sudyalar oliy kengashi va sudyalar hamjamiyati bilan birgalikda qonunchilik tashabbusi asosida sud tizimida 2021 yil 1 yanvardan boshlab tashkiliy tuzilmaviy o'zgarishlarni amalga oshiriladi. Xususan, viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik va jinoyat ishlari bo'yicha sudlar hamda iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qat'iy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari bo'yicha alohida sudlov hay'atlari tashkil etiladi.
Farmonda qayd etilishicha, ilg'or xorijiy tajriba va xalqaro standartlarni inobatga olgan holda respublikada samarali ma'muriy odil sudlov tizimi yaratiladi. Bunda ma'muriy huquqbuzarliklar to'g'risidagi ishlarni ko'rib chiqish vakolati jinoyat ishlari bo'yicha sudlarga o'tkazilayapti. Tuman (shahar) ma'muriy sudlari tugatilib, ularning negizida Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo ma'muriy sudlar tashkil etilayapti.
Sudda ishlarni ko'rishda inson huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va taraflarning tortishuvchanlik tamoyilini amalda ro'yobga chiqarish maqsadida jinoyat ishlari bo'yicha sudlarda dastlabki eshituv instituti joriy etiladi. Jumladan, 2019 yilda 469 ta ish sudda bir necha oy ko'rilgandan keyin dastlabki tergovdagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun prokurorga qaytarilgan. Endilikda ishni sudga tayinlash jarayonida 7 sutka ichida sudya mazkur masalani hal etishi mumkin bo'ladi.
Sud ishlarini nazorat tartibida ko'rish instituti tugatiladi. O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va ular o'rinbosarlarining sudning hal qiluv qarorlari hukmlari, ajrimlari hamda qarorlari ustidan nazorat tartibida protest kiritish huquqi bekor qilinadi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, endi fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish orqali xalqimizning sud tizimiga bo'lgan ishonchi yanada mustahkamlanadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61311 | Инструменты