Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso 9 iyun kuni Toshkentda jurnalistlar bilan uchrashuvda O‘zbekistonning tashqi siyosatini yuqori baholab, uni namuna deb atadi va mamlakatlar o‘rtasida siyosiy qarama-qarshiliklar yo‘qligini taʼkidladi.
«O‘zbekiston Slovakiya uchun juda istiqbolli bo‘lgan Markaziy Osiyo mamlakatidir. Munosabatlarimizda g‘ashimizga tegadigan biron-bir masala yo‘q — umuman mavjud emas. Bu yerda siyosiy kun tartibi deb atash mumkin bo‘lgan hech narsa yo‘q», — dedi u.
Fitso O‘zbekiston mustaqil tashqi siyosat yuritayotganini taʼkidlab, bu siyosatdan hayratda ekanini bildirdi.
«Bu — suveren tashqi siyosat olib boradigan suveren davlat. Men buni hurmat qilaman va xalqaro munosabatlarga bunday yondashuvdan hayratlanaman».
Uning qo‘shimcha qilishicha, o‘zi ham Slovakiyada suveren tashqi siyosat olib borishga intilmoqda, biroq bu «Yevropa Ittifoqi doirasida emas».
«„Yagona to‘g‘ri“ deb hisoblangan fikrdan farqli fikr bildirishing bilanoq senga jazo bilan do‘q qilib, sodiq emassan deya ayblay boshlashadi».
Fitsoning fikricha, siyosat «dunyoning to‘rt tomoniga yo‘naltirilgan» bo‘lishi kerak.
«O‘tgan hafta Italiyada bo‘ldik, bugun O‘zbekistonda bo‘ldik, ertaga ishni davom ettiramiz. Bu yerda katta investitsiya forumi bo‘lib o‘tmoqda. 10 iyun kuni Senat raisi bilan ham uchrashuvimiz bor, keyin Qozog‘istonga boramiz, u yerda ham xuddi shunday imkoniyatlarni kutamiz».
Slovakiya hukumati rahbari tashrif tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildirib, do‘stona muhitni qayd etdi.
«Samimiy aytyapman: O‘zbekiston erishgan yutuqlar uchun katta minnatdorlik va chuqur hurmat bildiraman. Ehtimol, boshqa mamlakatlarga, ayniqsa, Yevropa Ittifoqidagi kabi o‘ziga oshiq bo‘lganlarga biroz kamtarroq bo‘lishni maslahat bergan bo‘lardim».
U Yevropa institutlarining haddan tashqari o‘ziga ishonishini tanqid qildi:
«Yevropa Ittifoqi o‘ziga juda berilib ketgan: o‘zini eng aqlli, eng chiroyli, eng to‘g‘ri deb hisoblaydi, atrofdagilarga o‘rgatishga tayyor. Tevarak-atrofga ko‘proq qarash kerak. Bu dunyo xilma-xil va ko‘plab ilhomlantiruvchi misollarni taqdim etadi. Va men O‘zbekistonda ham o‘rganadigan narsalar bor deb o‘ylayman. Bunga hurmat va qadr bilan qarash kerak».
Alpha version: 0.9.1.19 build 61219 | Инструменты