O‘zbekiston va Turkiya birinchi xonimlari "Anqara Palas" muzeyiga tashrif buyurdilar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida mamlakatimiz Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva Turkiya Birinchi xonimi Emine Erdog‘an bilan birgalikda "Anqara Palas" muzeyi bilan tanishdi.

Anqaraning tarixiy markazida joylashgan muzey qariyb ming kvadrat metr maydonni egallagan salkam bir asrlik tarixga ega me’moriy inshoot bo‘lib, Turkiyaning boy madaniy va san’at merosini aks ettiradi.

Muzey ekspozitsiyasida to‘qimachilik namunalari, chinni buyumlar, qo‘lyozmalar, diplomatik sovg‘alar, respublika asoschisi Mustafo Kamol Otaturkning shaxsiy buyumlari, shuningdek, Usmoniylar va respublika davriga oid ashyolar namoyish etilmoqda. To‘plamda xalqlarimizning o‘zaro madaniy aloqalaridan yaqqol dalolat beruvchi Buxoro hunarmandlarining ijod namunalari alohida o‘rin egallagan.

Tashrif davomida mehmonlarga liboslar kolleksiyasi, an’anaviy kashtachilik, sopol idishlarga naqsh chizish va qo‘g‘irchoq yasash jarayonlari namoyish etildi. Ziroat Mirziyoyeva madaniy merosni asrab-avaylash muhimligini ta’kidlab, turk xalqining ushbu vazifaga alohida e’tibor bilan yondashishini qayd etdi.

Shuningdek, gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish ikki tomonlama munosabatlarning muhim yo‘nalishi bo‘lib qolishi, xalqlarimizni yaqinlashtirishda madaniyatning alohida o‘rni borligi ta’kidlandi.

So‘ngra ikki mamlakat Birinchi xonimlari maxsus marosimda ishtirok etdilar. Unda davlat rahbarlari Xatay viloyatida O‘zbekiston tomonidan qurilgan turar joy majmuasini ochdilar, shuningdek, Istanbulda O‘zbekistonning xorijdagi birinchi ta’lim muassasasi bo‘ladigan maktab qurilishiga start berdilar.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 13011 | Инструменты