Huawei 1
O‘zbekiston MSK raisi AQShda prezidentlik praymerizlarini kuzatishda ishtirok etyapti

Los Anjeles okrugi (AQSH, Kaliforniya shtati) kotibining taklifiga asosan O‘zbekiston Respublikasi MSK raisi Z.Nizamxodjayev boshchiligidagi delegatsiya AQSH prezidentlik praymerizlariga tayyorgarlik ko‘rish jarayoni bilan tanishish va unda ovoz berishni kuzatish maqsadida AQSHning Kaliforniya shtatida bo‘lib turibdi.

Maʼlumki, AQSHda tug‘ilgan, o‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmagan va saylovgacha kamida o‘n to‘rt yil Qo‘shma Shtatlar hududida yashayotgan shaxs prezidentlikka nomzod bo‘lishi mumkin. Demokratik va Respublikachilar partiyalaridan prezidentlikka nomzodlarni ko‘rsatish odatda mazkur partiyalarning eng mashhur aʼzolarini aniqlashga imkon beruvchi praymeriz jarayonlari orqali amalga oshiriladi. AQSH prezidentlik praymerizlari shtatlar darajasida o‘tkaziladigan birlamchi prezidentlik saylovlari instituti bo‘lib, uning natijalariga ko‘ra delegatlar har bir partiyadan yagona prezidentlikka nomzodlarni aniqlash maqsadida milliy partiya qurultoyiga yuboriladi.

Qo‘shma Shtatlarda prezident to‘g‘ridan to‘g‘ri saylovchilar tomonidan emas, balki saylovchilar kollegiyasi tomonidan saylanadi. Noyabr oyining dastlabki dushanbasidan keyingi birinchi seshanba kunida saylovlar bo‘lib o‘tadi, unda har bir shtat aholisi AQSH Kongressidagi o‘z vakillari soniga mutanosib ravishda saylovchilar kollegiyasi aʼzolarini saylaydi. Kaliforniya shtati eng ko‘p saylovchilar kollegiyasi aʼzolariga ega bo‘lib, ularning soni 55 nafarni tashkil qiladi.

Los Anjeles okrugi kotibi va uning idorasi mazkur hududda barcha darajadagi saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazishni tashkil etish, jumladan, saylovchilarni ro‘yxatga olish, ularni bo‘lajak saylovlar to‘g‘risida xabardor qilish hamda saylov texnologiyalarini joriy etish kabi vazifalarni amalga oshiradi.

Tashrifning birinchi kunida xorijiy kuzatuvchilarni AQSH Saylovga ko‘maklashish komissiyasi aʼzosi Kristi MakKormik va Los Anjeles okrugi kotibi Din Loganlar kutib olishdi, ular prezidentlik praymerizlarida xorijiy saylov organi vakillarining bevosita ishtiroki uchun minnatdorchilik bildirib, AQSH saylov tizimi, saylov maʼmuriyatining asosiy vazifalari va funksiyalari bilan tanishtirishdi.

Kaliforniya shtati praymerizlarida ovoz berish jarayonlari joriy yilning 5 martiga belgilangan. Barcha saylovchilarga saylov byulletenlari oldindan yuborilgan. Byulletenda shtat darajasida va mahalliy darajadagi nomzodlarning uzun ro‘yxati hamda ularni tasdiqlash yoki rad etish masalalari, shu jumladan, noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlarga partiyalarning prezidentlikka nomzodlari va AQSH Senatiga ochiq praymerizlar uchun ikki nafar eng yaxshi nomzodlarni aniqlashga doir maʼlumotlar aks etgan.

Saylovga o‘n kun qolganda o‘z faoliyatini boshlaydigan ovoz berish markazlari saylovchilarga pochta orqali yuborilgan byulletenlarni qaytarish, muddatidan oldin yoki saylov kuni shaxsan ovoz berish imkoniyatlarini yaratib beradi. Shu maqsadda, okrug hududida 644 ta ovoz berish markazlari tashkil etilgan bo‘lib, ulardan 119 tasi saylovga o‘n kun qolganda ochilgan bo‘lsa, qolgan 525 tasi 2-5 mart kunlari o‘z faoliyatini boshlaydi.

Shuningdek saylovchilar to‘ldirilgan byulletenlarni pochta orqali yuborishlari yoki ovoz berish markazlaridagi maxsus qutilarda qoldirishlari mumkin.

Joriy yilning 1-mart kuni O‘zbekiston MSK delegatsiyasi xorijiy kuzatuvchilar guruhi tarkibida Los Andjelesdagi jamoat kutubxonasida tashkil etilgan ovoz berish markaziga tashrif buyurishdi, u yerda markaz xodimlari va saylovchilar bilan suhbatlashishdi hamda maxsus elektron ovoz berish uskunalari yordamida ovoz berish jarayonlarini kuzatishdi.

Shu kunning o‘zida xorijiy kuzatuvchilar guruhi “VSAP” operatsion markazi faoliyati bilan tanishdilar (Voting Solutions for All People – Barcha uchun ovoz berish yechimlari). Operatsion markaz elektron ovoz berish uskunalari va saylovchilarni onlayn ro‘yxatga olish moslamalarini saqlash, texnik xizmat ko‘rsatish va ularni ovoz berish jarayonlariga tayyorlash, shuningdek, ovoz berish markazlarida ularning ishlashini monitoring qilinishini taʼminlaydi.

Tashrif dasturiga muvofiq, AQSH saylovlarida qo‘llaniladigan zamonaviy saylov texnologiyalarini o‘rganishga oid boshqa tadbirlar ham ko‘zda tutilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72715 | Инструменты