2025-yil 23–29-iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi delegatsiyasi AQShga tashrif buyurdi. Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad — “Made in Uzbekistan” brendi ostida mahalliy mahsulotlarni targ‘ib qilish, eksport salohiyatini kengaytirish va ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishdan iborat bo‘ldi. Ushbu tashrif doirasida 25 ta mahalliy to‘qimachilik korxonasi Texworld NYC, Apparel Sourcing USA va Home Textiles Sourcing Expo xalqaro ko‘rgazmalarida qatnashdi (Nyu-York shahri).
Ko‘rgazmalar doirasida Bunzl plc, Levi Strauss & Co., PVH Corp., G-III Apparel Group, Kontoor Brands, American Eagle Outfitters, Tapestry Inc., Macy’s, American Apparel & Footwear Association (AAFA), United States Fashion Industry Association (USFIA), Oritain va boshqa yetakchi kompaniyalar bilan muzokaralar olib borildi. Uchrashuvlarda O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilarini AQSh bozoriga chiqarish va sourcing mexanizmi asosida buyurtmalar joylashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Tashrif davomida ISSV vakillari AQSh Savdo vazirligi (U.S. Department of Commerce) bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, savdo to‘siqlarini kamaytirish va investitsiyalarni faollashtirish bo‘yicha mexanizmni ishlab chiqish masalalari ko‘rib chiqildi. O‘zbek mahsulotlarini, jumladan, to‘qimachilik, qurilish materiallari, elektr texnikasi va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Amazon, Walmart, Whole Foods Market, Bloomingdale’s va The Home Depot kabi yirik savdo tarmoqlarida joylashtirish imkoniyatlari ham alohida muhokama qilindi.
AQSh Savdo vazirligi huzuridagi CLDP (Savdo huquqini rivojlantirish dasturi) vakillari bilan bo‘lgan muzokaralar chog‘ida o‘zbekistonlik kompaniyalar uchun AQSh standartlariga mos sertifikatlash va qadoqlash bo‘yicha vebinar va seminarlar tashkil etishga kelishib olindi. AQSh Qishloq xo‘jaligi vazirligi (USDA) va AQSh Paxta Assotsiatsiyasi bilan uchrashuvda GSM-102 dasturi doirasida O‘zbekistonga AQSh paxtasini yetkazib berish, kredit limitini oshirish va “Made from U.S. Cotton” tashabbusini ishga tushirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi milliy mahsulotlarni xalqaro bozorga chiqarish va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 80418 | Инструменты