Huawei 2
Jahon savdo tashkiloti Bosh direktori O‘zbekistonga tashrif buyuradi

O‘zbekiston so‘nggi yillarda JSTga aʼzo bo‘lish uchun ko‘p va ikki tomonlama muzokaralarda yaxshi  natijalarga erishmoqda. Bu masala bo‘yicha ishchi guruh tuzilgan. Hozirda 47 ta mamlakat ishchi guruh ishida qatnashmoqda. Yilda bir necha marotaba tashkilotning Jenevadagi bosh qarorgohida ishchi guruh yig‘ilishlari va aʼzo mamlakatlar bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazilmoqda. Shu kunlarda O‘zbekistondan katta delegatsiya Shveysariya poytaxtida bo‘lib turibdi.

O‘zbekistonning JST ga aʼzo bo‘lishi mamlakatimiz uchun ustuvor vazifa. Davlat rahbari bu bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar bergan. Ayni paytda  ishchi guruh  bilan ko‘p tomonlama,  shuningdek aʼzo mamlakatlar bilan birga-bir muzokaralar o‘zining faol fazasiga chiqdi. Bu masalada tizimli ishlar olib borilayotganini Kotibiyati ham, aʼzo davlatlar ham taʼkidlashmoqda. 

Tashkilot safiga qo‘shilishga deyarli tayyor turgan qator davlatlarga O‘zbekistonni namuna qilib ko‘rsatyapman, dedi  tashkilot rahbari Ivealla xonim mamlakatimiz delegatsiyasi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda.

Ngozi Okonjo-Iveala uchrashuvda O‘zbekiston yetakchisining  aʼzolik masalasi va bu jarayonga eʼtiborini alohida taʼkidladi. O‘zbekistonni tashkilot rahbarining o‘zi ham to‘liq  qo‘llab-quvvatlayapti. Har safar mamlakatimiz delegatsiyasi bilan uchrashganda  buni  katta ishonch bilan takrorlashdan charchamaydi va yaqin istiqbolda aʼzo davlatlar qatorida ko‘rishni istashini bildiradi. Iveala xonimnning ayishicha, O‘zbekistonga bo‘lgan eʼtibori hatto ayrim davlatlarning rashkini ham keltirmoqda.

 

Uchrashuvda Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va O‘zbekistonning Bosh muzokarachisi Azizbek Urunov ko‘p va ikki tomonlama muzokaralarda ko‘tarilayotgan masalalar, kotibiyatga taqdim qilingan hujjatlar, milliy qonunchilikni  JST qoidalariga moslashtirish bo‘yicha  amalga oshirilayotgan ishlar bilan bosh direktorni tanishtirishdi. Uchrashuvda maʼlum bo‘lganidek, tez orada Ngozi Okonjo-Iveala O‘zbekistonga tashrif buyuradi.  Qilinayotgan ishlar bilan bevosita tanishib, aʼzolik masalasini  mamlakat rahbariyati bilan muhokama qiladi. 

Iveala xonim O‘zbekistonning JST ga aʼzo bo‘lishi yo‘lida qo‘yayotgan qadamlarini qanday baholaysiz?

"Mening fikrimcha hammasi juda yaxshi ketyapti. O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildirmoqchiman.  Shaxsan prezident  qo‘llab-quvvatlayotgani uchun Bosh vazir o‘rinbosari, JST bo‘yicha asosiy muzokarachisi va butun jamoa sezilarli natijalarga erishyapti. Tashkilotga aʼzo bo‘lish oson emas. Albatta,  bajarilishi kerak bo‘lgan ishlar hali ko‘p, ammo ishchi guruh  doirasidagi ko‘p tomonlama hamda Ikki tomonlama muzokaralar fikrimcha muvaffaqiyatli bo‘lmoqda. Oldimizda  bosib o‘tish kerak bo‘lgan yo‘l turibdi va bu boradagi ishlar to‘g‘ri yo‘nalishda", - deya ta'kidladi u

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston JST ga aʼzo bo‘lish uchun  birinchi marta 1994-yilda ariza bilan murojaat qilgan edi. 2005-yilda bu boradagi muzokaralar to‘xtab qolgan va 2020-yildan boshlab qayta tiklangan. Ayni paytda O‘zbekiston 11 ta mamlakat bilan muzokaralarni yakunladi. 9 ta davlat  bilan mahsulot va xizmatlar bozoriga kirish yuzasidan  protokol imzoladi. Jenevada yana qator davlatlar bilan muzokaralarni davom ettirmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga